Jamiyat | 05:49 / 20.05.2015
3610
2 daqiqa o‘qiladi

«Ochiq osmon ostidagi sirk» O‘zbekistonning uchta shahriga tashrif buyuradi

Toshkent, Farg‘ona va Andijon shaharlarida ko‘cha sirki san'ati namoyish etiladi. Ushbu loyiha Yelisey kelishuvi doirasida “O‘zbeksirk” Respublika birlashmasi ko‘magi ostida Germaniya Federativ Respublikasi elchixonasi, Fransiya Respublikasi elchixonasi va Toshkentdagi Gyote-instituti kabi tashkilotlar tomonidan tashkil etilmoqda.

Loyihada fransiyalik, germaniyalik hamda Toshkent sirki artistlari ishtirok etishadi. Tomoshabinlarga akrobatlar, darbozlar va boshqa artistlar ishtirokidagi ochiq osmon ostidagi turli xil tomoshalar dasturi taqdim etiladi.

Loyiha orqali turli xildagi tryuklar, ovozlar, kayfiyatlar, badiiy va milliy ko‘rinishlar orqali ajoyib ko‘cha sirk san'ati namoyish etiladi.

Besh kunlik birgalikdagi mashg‘ulotlardan keyin artistlar tomoshabinlar e'tiboriga o‘zlarining mahoratlarini namoyish etadilar. Toshkentda 21 may soat 18:00 da O‘zbeksirk binosida yonida “SIRK.UZ” nomli katta tomosha bo‘lib o‘tadi. So‘ngra tomoshalar 23 may soat 18:00 da Farg‘ona shahri Qirg‘uli qishlog‘iining Kimyogar” madaniyat va istirohat bog‘ida hamda 24 may soat 18:00 da Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida namoyish etiladi.

Bundan tashqari, loyiha doirasida germaniyalik va fransiyalik artistlar Toshkentdagi Respublika estrada-sirk kolleji o‘quvchilari uchun sirk san'atidan master-klasslar o‘tkazishadi.

2003 yilda Yelisey kelishuvi imzolanganining 40 yilligi munosabati bilan Germaniya va Fransiya o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlash maqsadida uchinchi davlatlarda madaniy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilgan edi. O‘zbekistonda o‘tkaziladigan bu dastur fransuz-nemis do‘stligining amaldagi isbotini namoyish qiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish