05:12 / 20.05.2015
3440

O‘zbekistonda qo‘shiqchi Tavakkal Qodirov xotirasiga bag‘ishlangan musiqa tanlovi bo‘lib o‘tdi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida xalq ardoqlab suygan qo‘shiqchi Tavakkal Qodirov xotirasiga bag‘ishlangan tanlov bo‘lib o‘tdi.

Xalq ijodiyoti va madaniy-oqartuv ishlar Respublika ilmiy-uslubiy markazi tomonidan
ilk bor o‘tkazilgan bu tanlovda barcha yoshdagi 100ga yaqin ishtirokchilar ustoz san'atkor repertuariga mansub qo‘shiqlarni ijro etishdi. Viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lganlardan 20 nafari bu tanlovning Toshkentda o‘tkazilgan final bosqichida ishtirok etdi.

“Barcha ishtirokchilar qo‘shiqlarni o‘z uslublarida ajoyib tarzda ijro etishdi, biroq Tavakkal Qodirovning “oltin” ovozini qaytarishning iloji yo‘q. Men uning birinchi shogirdi bo‘lganman va 15 yil davomida, ustoz hayotining oxirigacha u bilan yonma-yon turganman. Ustoz doimo qo‘shiqchi xalq suyadigan va ishonadigan inson bo‘lishi kerak, deb aytardilar”, deydi tanlov hakami, O‘zbekiston xalq artisti Sultonali Mannopov.

Tavakkal Qodirov san'at dunyosiga o‘tgan asrning 50-yillarida kirib keldi hamda Jo‘raxon Sultonov, Ma'murjon Uzoqov va Komiljon Otaniyozov kabi buyuk qo‘shiqchilar yaratgan maktabning davomchisi sifatida o‘ziga xos uslubni yaratdi.

Tanlovda toshkentlik Zohidjon Madaliyev va Mirshod Elov dueti g‘olib bo‘ldi. G‘olib va sovrindorlar diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tanlov an'anaviy holda 2 yilda bir marta o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Top