07:26 / 20.05.2015
3071

Toshkentda VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi ochildi

19 may kuni Toshkentda VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi ochildi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Solihov va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida ilmiy va innovatsiya faoliyatining har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti, ilmiy-tadqiqot ishlari, intellektual mulkni yanada rivojlantirish va himoya qilish, yangi ixtirolarni amaliyotga joriy etish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, tabiiy resurslarni tejash, ekologik barqarorlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganini ta'kidladi. Davlat rahbarining 2008 yil 15 iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va shu yil 4 martdagi 2015-2019 yillarda tarkibiy o‘zgarishlarni ta'minlash, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risidagi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotgani aytib o‘tildi. 
 
VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari va ilm-fan kabi yo‘nalishlarda qariyb besh yuzta innovatsiya loyihasi namoyish etilmoqda. Bular mamlakat olimlari, mutaxassislari va ixtirochilarining mutlaqo yangi ishlanmalar hisoblanadi. 

Energetika va avtomatika institutining ilmiy xodimlari energiya tejash va muqobil energetika bo‘yicha innovatsiya ishlanmalarini taqdim etgan. Masalan, bir guruh olimlar tomonidan charxpalak yoki gidravlika turbinasi yordamida ishlaydigan mikrogidroelektr stansiya yaratildi. U olis aholi punktlari, yaylovlar, gidrometeostansiyalar va boshqa joylarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun mo‘ljallangan.
 
Bu yilgi yarmarkada bir qancha yangi yo‘nalishlar tashkil etildi. Xususan, ilmiy muassasalar va oliy o‘quv yurtlari tomonidan yaratilgan ilg‘or texnologiyalarga mamlakatimiz va chet el ishlab chiqaruvchilarining e'tibori hamda investitsiyalarini jalb qilish maqsadida «Yuqori texnologiyalar» (Hi-Tech) yo‘nalishi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda hujayra texnologiyalari, farmatsevtika, AKT bo‘yicha innovatsiya ishlanmalari va boshqa yangiliklar namoyish etilmoqda.

Ta'kidlash joizki, navbatdagi yarmarkada «Yoshlarning innovatsiya g‘oyalari» respublika ko‘rik tanlovi g‘oliblarining ishlanmalari keng namoyish etilmoqda. Ushbu ishlanmalarni saralashda ularning amaliyotga tatbiq etishga tayyorligi, energiya va material tejamkorligi, mahalliy xomashyodan foydalanish, bozorga yangi mahsulot chiqarish imkoniyati kabi omillarga alohida e'tibor berildi. 

Yarmarkaning ochiq maydonida innovatsiyalarning haqiqiy musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Andijonlik yosh ixtirochi Oybek Umarov va Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining Bekzod Yunusov rahbarligidagi bitiruvchilari o‘zlari ixtiro qilgan elektromobillarni namoyish etdi.

Yarmarka doirasida, an'anaga ko‘ra, mamlakatimiz sanoat korxonalari ishlab chiqarishga innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalarni tatbiq etish samaradorligi to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazmoqda. 

Yarmarkaning dastlabki kunida korxonalar va loyihachilar o‘rtasida mahsulot va texnologiyalarni xarid qilish yoki joriy etish bo‘yicha qiymati 3 milliard so‘mlikdan ortiq 140 dan ziyod shartnoma imzolandi. 

Yarmarkaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.Ikromov va U.Rozuqulov so‘zga chiqdi. 
Top