23:03 / 21.05.2015
3962

AQSh maxsus xizmatlari smartfonlarni virus dasturlari bilan zararlantirmoqchi bo‘lganlari ma'lum bo‘ldi

AQShning Milliy xavfsizlik agentligi smartfonlarni Google va Samsung internet-do‘konlaridan kelayotgan internet-trafikni ushlab olib josuslik virus dasturlari bilan zararlantirmoqchi bo‘lgan. Bu haqda Intercept portali xabar bermoqda.

Irritant Horn nomini olgan bu operatsiya haqidagi ma'lumotlar AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden tomonidan CBC News telekanali va Intercept portali bilan hamkorlikda havola qilingan maxfiy hujjatlarda saqlangan.

Rejaga ko‘ra, maxsus xizmatlar XKEYSCORE tizimi yordamida internet-trafikning umumiy oqimida smartfonlardan kelayotgan trafikni ajratib olib, uning Google va Samsung onlayn-do‘konlari serverlariga yo‘lini kuzatib, so‘ngra smartfonlarga josuslik dasturlarini Google va Samsung dan olinayotgan ma'lumotlar ko‘rinishida yubormoqchi bo‘lganlar. Dasturning funksiyalari orasida zararlangan smartfonning aloqalar ro‘yxatidan nusxa ko‘chirish, qurilmaning joylashgan o‘rni haqidagi axborotni uzatish bo‘lgan.

Rejani ishlab chiqish 2011 noyabridan 2012 yilning fevraligacha olib borilgan. Uni tayyorlashda Five Eyes kelishuviga barcha a'zo davlatlar mutaxassislari ishtirok etishgan. Bu kelishuvga AQSh, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Kanada va Avstraliya kiradi. Intercept bergan ma'lumotga ko‘ra, Irritant Horn ni tayyorlashga bosh sabablardan biri yangi “arab bahori” takrorlanishidan xavotirlanish bo‘lgan. Bu reja amalga oshirilgan-oshirilmagani noma'lumligicha qolgan.

Top