Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
UYeFA 2016 yilda Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi finallari o‘tadigan shaharlar nomini e'lon qildi
UYeFA rasmiy sayti 2015/2016 yillardagi mavsumda Yevropa klublari o‘rtasida o‘tkaziladigan ikkita bosh musobaqa – Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi finallari o‘tadigan stadionlar nomini e'lon qildi.
Chempionlar Ligasi finali 2016 yilning 28 may kuni Italiyaning Milan shahrida, “San-Siro” nomi bilan ham ataladigan afsonaviy “Djuzeppe Meatstsa” stadionida bo‘lib o‘tadi. Ushbu stadion Yevropa klublararo bosh musobaqasining hal qiluvchi o‘yinini 4 marta o‘tkazadigan bo‘ldi. Avval ushbu stadionda final uchrashuvlari 1965, 1970 va 2001 yillarda o‘tkazilgan. Stadionning sig‘imi 80 ming tomoshabinni tashkil qiladi.
Yevropa Ligasining finali 2016 yilning 18 may kuni Shveytsariyaning Bazel shahrida, “Bazel” klubining uy maydoni hisoblanadigan “Sankt-Yakob Park” stadionida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Shu nom bilan ataladigan avvalgi o‘yingoh 1954 yilgi Jahon chempionati uchun qurilgan edi. Avvalgi arena Kuboklar kubogi finallarini 1969, 1975, 1979 va 1984 yillarda qabul qilgan. Yangi arena 2001 yilda ochilgan. Stadion 36 ming tomoshabinga mo‘ljallangan.