Jamiyat | 13:15 / 21.05.2015
2764
2 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlar qo‘mitasi ommaviy madaniyat tanqidiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazdi

2015 yilning 20 may kuni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “Yoshlar ijod saroyi”da “Ma'naviyatimizni asrab qolaylik!” nomli tadbir o‘tkazildi. Unda ommaviy madaniyat tanqid ostiga olinib, uning salbiy ta'sirini bartaraf etish borasida fikr yuritildi.
Unda mutasaddi tashkilotlar vakillari, san'atkorlar, jamoatchilik faollari ishtirokida bir qancha masalalar muhokama qilindi.

Birinchi navbatda, xonandalarning kiyinishi hamda sahnada o‘zini tutishi tanqidchilarga nishon bo‘ldi. Undan keyin, qo‘shiqlarning mazmunsizligi, kliplarning saviyasizligi qoralandi.
Bundan tashqari, to‘ylarda urf bo‘layotgan yangi odatlar, kelinning to‘y chog‘ida gul otishi va raqsga tushishi singari odatlar “ma'naviy hayotimizga to‘g‘ri kelmaydi” deb baholandi.

Pardoz-andozga e'tibor berib, ko‘rsatuv sifatini unutib qo‘yayotgan teleboshlovchilar ham chetda qolmadi. Umuman olganda, “duch kelgan narsani” yozayotgan yoki ekranga uzatayotgan ommaviy axborot vositalari ham tanqid qilindi.

Shu bilan birga, tadbir davomida xonandalar Rayhon va Lola nishon markazida bo‘lishdi. Ularning kiyinishi va oxirgi ishlagan kliplari qattiq tanqid qilindi. Boshqa xonandalarga ham e'tirozlar bildirildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish