Jamiyat | 15:08 / 22.05.2015
4602
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonlik erkak mast holda ikki kishini pichoqlab, tog‘asini mashinada sudradi

Andijonlik Umid Botirov mast holda ikki kishini pichoqlab qo‘ydi, bundan tashqari, uni to‘xtatishga harakat qilgan tog‘asini mashinada sudradi. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda

Aytilishicha, ulfatlar A. Fayziyev, K. To‘xtayev va Sh. Qo‘ziyev “davrani kengaytirish” uchun o‘rtoqlari Botirovni shahardagi choyxonalardan biriga chaqirishgan. Ancha vaqt ziyofat qilgach, Fayziyev va To‘xtayev ichkilik qidirib ketishgan. Ular hadeganda kelavermagach, sheriklari Qo‘ziyev va Botirov ketib qolgan. Yo‘lda ularga yetib olgan ulfatlari kutib turmaganlarini pesh qilib hakoratlay boshlagan. Jahli chiqqan Botirov Fayziyevni va To‘xtayevni urgan.

Shundan so‘ng tomonlar qarindoshlari va do‘stlarini chaqirib, janjal kengayib ketgan. Tog‘asining oldiga kelgan Botirov uydan pichoq olib chiqib, Fayziyevni himoya qilish uchun kelgan Yo‘lchiboyev ismli shaxsga pichoq urgan. Yaralangan erkak mashinasiga minib, shifoxona tomon ravona bo‘lgan.

Uning ortidan borish uchun Botirov mashinaga minganida, tog‘asi uni to‘xtatish uchun mashina eshigini ushlab qolgan, lekin mast holda o‘zini boshqara olmay qolgan Botirov mashinani o‘t oldirib, tog‘asini 100 m masofaga sudrab ketgan. Shuningdek, uni to‘xtatmoqchi bo‘lgan yaqin o‘rtog‘i Qo‘ziyevni ham pichoqlagan.

Qo‘ziyev va Yo‘lchiboyev shifoxonaga yotqizilgan. Ammo Qo‘ziyevning jarohati og‘irligi bois uning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan.
Sud Umid Botirovni 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish