08:08 / 22.05.2015
3404

Lamborghini va Ferrari orqali noqonuniy poyga uyushtirgan xitoyliklar qamoqxonaga jo‘natildi

Xitoyda noqonuniy poyga paytida yashil Lamborghini va qizil Ferrari’ni pachoqlagan xitoyliklar xavfli harakatlarni sodir etganlari uchun qamoq jazosiga tortildi. Bu haqda “Sinxua” axborot agentligi xabar bermoqda.

Poyga ishtirokchilaridan biri, 20 yoshli Yuy Muchun o‘zi politsiyaga taslim bo‘ldi, u 4 oyga ozodlikdan mahrum etildi va 8 ming yuan (taxminan 1300 dollar) jarimaga tortildi. Voqeaning ikkinchi ishtirokchisi 21 yoshli Tan Ventyan 5 oyga ozodlikdan mahrum etildi hamda 10 ming yuan (1600 dollar) jarima to‘laydigan bo‘ldi. Ular sud qarori bo‘yicha e'tirozlari yo‘qligini aytishgan.

Ushbu poyga 11 aprelda Pekin milliy stadionidan uzoq bo‘lmagan Datun yo‘lida uyushtirilgan. Ikkala avtomobil ham tunnel devoriga soatiga160 kmtezlik bilan kelib urilgan. Oqibatda Lamborghini’da o‘tirgan Syuy familiyali ayol umurtaqasini sindirib olgan. Shahar mulkiga yetkazilgan ziyon 320 ming yuanga (52 ming dollarga) baholangan.

Sodir bo‘lgan hodisa “oltin yoshlar” (o‘ziga to‘q xitoyliklar) avlodi vakillarining beparvo xatti-harakatlari bilan bog‘liq yuz bergan birinchi holat emas. 2012 yilning mart oyida Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi devoxonasining boshlig‘ining o‘g‘li rulda bo‘lgan Ferrari avtomobili ishtirokida YTH yuz bergan edi. Hodisadan keyin internetning Xitoy segmentida ushbu holat yuzasidan berilgan barcha ma'lumotlar to‘sib qo‘yilgan edi.

Top