16:44 / 22.05.2015
1937

Namanganda voyaga yetmagan o‘smirlarni Qozog‘istonga novvoylikka yuborgan shaxslar sudlandi

Namanganda uch nafar o‘smirni noqonuniy ravishda Qozog‘istonga yuborib, u yerda ishlatgan shaxslar sudlandi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar berdi.

Nashrda yozilishicha, Mustafo ismli shaxs tamaddixonalardan biriga kirib, o‘smirlar davrasining suhbatiga aralashgan. Gap orasida Qozog‘istonga borib novvoylik qilishini va mo‘maygina daromad topishini qistirib o‘tgan. Bunga qiziqib qolgan Eldar, Aleksandr va Oleg ismli yigitlar ularga ham ish topib berishini iltimos qilishgan.
2 kundan so‘ng Mustafo yigitlarni Toshkentga olib borib, noqonuniy ravishda chegaradan o‘tkazgan va pochchasi Aktamning qo‘liga topshirgan. Aktam bolalarning tug‘ilganlik haqida guvohnomalarini olib qo‘yib, og‘ir sharoitda ishlashga majbur qilgan.

Oradan ikki oy o‘tib, Eldar novvoyxonadan qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan va onasiga qo‘ng‘iroq qilgan.
Voqeadan xabardor qilingan IIB xodimlari tegishli choralarni ko‘rib, yoshlarni O‘zbekistonga qaytarishga erishgan. Aktam Amonov va Mustafo Axtamovlar esa 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan.

Top