08:33 / 22.05.2015
2409

Platini YeChL finalida hakam xato qilmasligiga va o‘ziga malomat yog‘ilmasligiga umid qilmoqda

UYeFA prezidenti Mishel Platini Armanistonga bir kunlik safari davomida matbuot anjumani o‘tkazdi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

"Umid qilamanki, finalda hakam "Yuventus" foydasiga xato qilmaydi. Yo‘qsa barcha bunda meni ayblashni boshlashi mumkin (kulib). Italiya jamoalari o‘z shonlarini tiklay boshlashlari yaxshi ish bo‘lmoqda. Finalda qaysi jamoa kuchli bo‘lsa, o‘sha jamoa g‘alaba qozonadi", deydi Platini.
U o‘z nutqi davomida keyingi mavsumda YeChL musobaqasi qanday formatda o‘tkazilishi haqida ham gapirgan.
Uning aytishicha, keyingi mavsumda Yevropadagi eng kuchli chempionat g‘oliblari alohida guruhlarda bo‘ladi.
"Bu qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniq ayta olmayman. Biroq qur'a vaqtida o‘z savatchalarida yetakchi sifatida qayd etilish uchun bu jamoalar mavsum davomida o‘z ligasida hammadan kuchli ekanligini isbotlaydi. Shuni hisobga olsak, bu holatda adolatsizlik ko‘rmayapman", deydi Platini.
Eslatib o‘tamiz, joriy mavsumning YeChL finali 6 iyun kuni Berlindagi "Olimpiashtadion" o‘yingohida o‘tkaziladi va unda "Barselona" "Yuventus" bilan to‘qnashadi. Ba'zilar Platinining futbolchilik faoliyati "Yuventus"da o‘tganiga ishora qilgan holda, uning sharofati bilan bu jamoa finalgacha yetib kelgani haqida gapirgan.

Top