11:30 / 22.05.2015
8182

Siyob bozorida qurolli hujum uyushtirgan talonchi qurboni tomonidan qo‘lga olindi

Samarqandning Siyob bozorida xaridorlarga pnevmatik qurol bilan hujum qilgan talonchi o‘z “qurbon”lari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.

Yozilishicha, Amon Jumayev ismli yosh yigit noma'lum shaxslardan pnevmatik avtomat va to‘pponcha sotib olish uchun onasining tilla taqinchoqlarini o‘g‘irlab, 2.5 mln so‘mga sotib yuborgan. Bu pullarga yana 500 ming so‘m qo‘shib, qurollarni sotib olgan.
So‘ng valyutafurushlarga hujum qilish maqsadida Siyob bozoriga yo‘l olgan Amon ularning oldida militsiya xodimlarining turganligini ko‘rib, jur'atini yo‘qotgan.

U yuziga niqob, qo‘llariga qo‘lqop taqib, bozorga kiyim xarid qilish maqsadida kelgan Zafar Haydarovga avtomat o‘qtalib, “borini chiqar”ishni talab qilgan. Biroq Zafar unga tashlanib, yuzidagi niqobini yulib olgan. Amon uning yuziga qarata o‘q otgan, ammo Zafar o‘zini chetga olishga ulgurgan.

Amon voqea joyidan taksidan qochishga harakat qilgan. Zafar ham yordamga yetib kelgan o‘rtoqlari bilan mashinaga o‘tirib, Shohi Zinda maqbarasi oldida yo‘lto‘sarga yetib olgan. Do‘stlar Amonni tutib, voqea joyige yetib kelgan IIB xodimiga topshirgan.

Top