07:36 / 22.05.2015
2452

VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi davomida 25 mlrd so‘mlik shartnomalar imzolandi

“O‘zekspomarkaz”da 19-21 may kunlari bo‘lib o‘tgan yarmarkaning dastlabki natijalariga ko‘ra, unda umumiy qiymati 25 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan 1200 dan ziyod shartnoma imzolandi.

Joriy yilgi yarmarka vazirlik va idoralar, bank sektori, iqtisodiyotning barcha tarmoqlari korxonalari, jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermer xo‘jaliklari, Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy ta'lim muassasalari vakillari, shuningdek, alohida ixtirochilarni birlashtirdi. Unda sanoat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmakologiya, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, fan va ta'lim sohalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan qariyb 500 ishlanma, innovatsion g‘oya va loyihalar namoyish etildi. 

“Biz mashina va traktor agregatlarini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan bortli mikroprotsessorli tizimini ishlab chiqdik. Bu tizim mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan planshet kompyuteri bazasida ishlaydi va xorijda ishlab chiqarilgan shunday mahsulotlarga nisbatan qator afzalliklarga ega. Ishlanmalar «Toshkent traktor zavodi» ochiq aksiyadorlik jamiyati buyurtmasiga asosan olib borildi va shu bois bortli kompyuterlar yaqin vaqt ichida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy traktorlarga o‘rnatiladi”, – deydi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining katta o‘qituvchisi O‘tkirjon Ubaydullayev. 

Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi doirasida ilk bor tashkil etilgan Toshkent xalqaro innovatsiya forumida O‘zbekiston, AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Gretsiya, Rossiya, Armaniston va boshqa mamlakatlardan olimlar va mutaxassislar ishtirok etdi. Forum ishtirokchilari rivojlangan davlatlarning innovatsiya tizimlari va ushbu yo‘nalishdagi tajribalar, mamlakatimizda innovatsiya faoliyatini rivojlantirish istiqbollari, innovatsion iqtisodiyot sohasida kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirishga doir dolzarb masalalarni muhokama etdi. 

Top