Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda joriy yilda bolalar oromgohlarida 290 mingga yaqin bola dam oladi
Joriy yilda O‘zbekistonda yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi 1 iyundan boshlanadi. 213 ta statsionar, 795 ta kunduzgi va 141 ta mehnat va sog‘lomlashtirish, umumiy hisobda 1149 ta bolalar oromgohlari faoliyat yuritadi. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi ma'lumotlariga ko‘ra, 39 mlrd so‘m hisobiga mavsum davomida deyarli 290 mingga yaqin o‘g‘il-qizlarni sog‘lomlashtirish nazarda tutilgan.
Maktab o‘quvchilarining yozgi ta'tilni to‘laqonli o‘tkazishlarini ta'minlashda oromgohlarni tayyorlash va ularda zamonaviy sharoitlarni yaratish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.
Ijtimoiy kam ta'minlangan va ehtiyojmand oilalarning bolalari va Orolbo‘yi hududlaridan 5 mingga yaqin bola Toshkent shahri, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi tog‘li hududlarda joylashgan oromgohlarda hordiq chiqaradi.
Oromgohlarda yozgi ta'tilni sermazmun tashkil etish maqsadida hamkor-tashkilotlar bilan birgalikda turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkaziladi, turli to‘garaklar faoliyat yuritadi. Bolalar ixtiyorida ma'naviyat va ma'rifat xonalari, kompyuter xonalari, kutubxonalar, futbol, voleybol, basketbol maydonchalari, suzish havzalari bo‘ladi.
Joriy yildan bolalarning qiziqishlarini hisobga olib, harbiy-sport, ijtimoiy-moslashuv, ekologik-biologik, texnika va badiiy ijodiyot, mehnat va dam olish oromgohlari faoliyat yuritishni boshlaydi.
Bolalar oromgohlarida jamoat tartibi va xavfsizlikni ta'minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi tomonidan mos tartibda har bir oromgohga maxsus xodimlar biriktirib qo‘yiladi. Oromgohlarda ta'lim-tarbiya jarayonini tashkil etish, ularni malakali xodimlar bilan ta'minlash uchun Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ko‘plab o‘quv-metodik qo‘llanmalar chop etilgan.