10:22 / 23.05.2015
2141

Turkmaniston Nepaldagi zilzila jabrdiydalariga insonparvarlik yordamini jo‘natadi

Turkmanistonning bir qator tashkilot va muassasalari tomonidan zilziladan aziyat chekkan Nepalga beg‘araz ravishda oziq-ovqat va dori-darmon vositalari ajratildi. Turkmaniston prezidenti tegishli qarorni hukumat yig‘ilishida imzoladi.

Ma'lumki, joriy yilning aprel-may oylarida Nepalda kuchli vayronagar zilzilalar bo‘lib o‘tdi. Zilzila ko‘plab qurbonlarga olib keldi. Tabiiy ofat oqibatida o‘n minglab odamlar jarohat oldi va boshpanasiz qolib ketdi.

“Turkmaniston: oltin asr” internet nashr bergan ma'lumotlarga ko‘ra, Turkmaniston Gaiti, Xitoy, Turkiya, Yaponiya, Pokistondagi yuz bergan tabiiy ofatlar paytida bu davlatlarga insonparvarlik yordamini jo‘natgan. Turkmaniston prezidenti buyrug‘i bilan Serra-Leonega Ebola virusi bilan kurashish uchun dori-darmon va tibbiyot vositalari yuborilgan. Turkmaniston muntazam ravishda qo‘shni Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini jo‘natib turadi, ushbu davlatning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklashda amaliy ko‘mak ko‘rsatib keladi. Jumladan, Turkmaniston mablag‘lari hisobidan Afg‘onistonda 20 kishilik salomatlik uyi va 400 o‘rinlik qizlar maktabi qurilgan, Hirot viloyatining Turg‘undi qishlog‘ida 20 kishiga mo‘ljallangan tug‘ruqxona barpo etilmoqda.

Top