11:00 / 24.05.2015
2186

AQShda ikki afroamerikalikning qotilligida ayblangan politsiyachi oqlangandan keyin noroziliklar boshlandi

AQShning Klivlend shahrida sud ikki nafar afroamerikalik qotilligida ayblangan politsiya xodimini oqlagandan keyin afroamerikalik aholi orasida norozilik namoyishlari boshlandi.

Ushbu qotillik yuzasidan politsiyachi Maykl Briloga ayblov qo‘yilgan edi. 2012 yilda politsiya tomonidan ta'qib qilish paytida avval sudlangan va ruhiy nosog‘lom, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan va giyohvand hisoblangan Malissa Uilyams va Timoti Rassel ismli afroamerikaliklar otib o‘ldirilgan edi. Ular politsiyaning to‘xtash haqidagi talablariga bo‘ysunishmagan hamda qurollanganliklari taxmin qilingan.

13 nafar politsiyachi gumondorlarga qarata umumiy hisobda 137 marta o‘q uzgan. Keyinroq Uilyams va Rasselda qurol bo‘lmagani aniqlangan. Sud Briloga qurbonlar aynan uning o‘qlaridan halok bo‘lgani isbotlanmagani uchun oqlov hukmini chiqardi. Qolgan politsiyachilarga qarshi ayblov qo‘yilmagan.

Namoyishchilar sud binosi oldida hukm chiqarilish paytida yig‘ila boshlashgan. Hukm chiqarilgandan keyin ular shahar bo‘ylab tarqab, bir nechta ko‘chalarni to‘sib qo‘yishdi. 200ga yaqin kishi dafn marosimiga o‘xshash marosim uyushtirib, qurolsiz bo‘lgan qurbonlarning o‘ldirilishiga qarshilik sifatida ko‘chalarda bo‘sh tobut olib yurishgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, politsiya mahalliy restoranlardan biriga noma'lum buyum otgan erkak kishini qo‘lga olgan hamda “Kviken Loens-arena” sport majmuasi oldida namoyishchilar bilan politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y bergan, uch kishi hibsga olingan.

Yana bir guruh odamlar Klivlendda yarim yil oldin politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan, qo‘lida o‘yinchoq to‘pponcha olib ketayotgan 12 yoshli bolaning qotilligi joyida yig‘ilishni boshlashgan.

Top