Jamiyat | 14:06 / 25.05.2015
3361
2 daqiqa o‘qiladi

Ishsiz erkak kayf ustida kameradoshining mashinasini o‘g‘irlab qochdi

Toshkentning Chilonzor tumanida mast holda yaqin do‘stining mashinasini o‘g‘irlab ketgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.
Aytilishicha, 1974 yilda tug‘ilgan Usmon Saydaliyev muqaddam to‘rt marotaba sudlangan. U 2006 yilda qamoqxonada toshkentlik Habibulla Shodiyev bilan tanishib qolgan. 2015 yilning fevralida esa ish qidirib poytaxtga kelgan va o‘sha do‘sti bilan aloqaga chiqqan.
Habibulla bir muddat Usmonga ish qidirishgan, ammo bundan natija bo‘lmagan. Usmon ichkilikka mukkasidan keta boshlagan, Habibullaning esa sog‘lig‘i yomonlashib, u bilan birga ish qidirmay qo‘ygan, ammo moddiy yordam berib turgan.

Bir safar Usmon do‘stining uyiga kelib, uni chaqirgan. Habibullaning sog‘lig‘i yomonligi bois u qo‘shni bolalardan Usmonga mashina kalitini berib, ichidan pul olishini aytgan. Mashina ichida Habibullani biroz kutgan Usmon yonidagi yarim shisha aroqni ichib, “aylanib kelish”ga qaror qilgan. U mast holda mashinani haydab ketib, benzin tugaganga qadar shahar aylangan.

Mashina bir joyga kelib o‘chib qolgan, Usmon ham uning ichida o‘tirib uxlab qolgan. Bundan xabar topgan Habibulla ichki ishlar xodimlariga murojaat qilgan. Ular ertalabga qadar mashinani topib, uni egasiga qaytarishgan.
Materialda yozilishicha, militsiyachilar mashinani topganida uning ichida Usmon uxlab mast holda uxlayotgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish