14:28 / 25.05.2015
2975

Plastik kartalarni naqdlashtirib berish bahonasida 17 mln so‘m o‘g‘irlagan qallob qo‘lga olindi

Toshkentning Yashnobod tumanida bank plastik kartalaridagi mablag‘larni naqdlashtirib berish bahonasida turli shaxslardan jami 17 mln so‘m o‘g‘irlagan fuqaro Sobir Qudratov qo‘lga olindi.
Yashnobod tuman prokurori o‘rinbosari Botir Aglayevning “Huquq” gazetasiga bergan ma'lumotiga qaraganda, Umar ismli yigit 2014 yilning 2 avgust kuni Qudratovga o‘z plastik kartasini berib, ichidagi 9 482 000 so‘mni naqdlashtirib berishni iltimos qilgan. Qudratov kartani olib, ichidagi pullarni yechib olgan, ammo turli bahonalar bilan Umarni aldab yuravergan.
Oradan ancha vaqt o‘tgach, Qudratovning qallobligini tushungan Umar ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.
Sobir Qudratov qo‘lga olingach, ilgariroq u shu yo‘l bilan u boshqa fuqarolar, jumladan, U. Abdullayevga tegishli 2 202 000 so‘mni, G. Mavlonovga tegishli 5 150 000 so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi.
Voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.

Top