Jahon | 18:52 / 25.05.2015
14626
3 daqiqa o‘qiladi

Putin G‘alaba paradida Kemeronga nisbatan “hiyla ishlatdi”

Rossiya prezidenti Vladimir Putin “ko‘ngilsizlik”larni o‘z foydasiga hal qilishni biladi, deb yozmoqda The Daily Mail nashri. Gazetaning ta'kidlashicha, Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron Moskvaga 9 mayda o‘tkazilgan G‘alaba paradiga kelishni rad etganda, Rossiya yetakchisi Kemeronga nisbatan “hiyla ishlatishga” qaror qildi.

Kemeron o‘rniga VIP-o‘rinlarni Birlashgan Qirollik arktik soqchi ko‘shinlarining 3 nafar faxriysi egalladi. Moskvaga Erni Kennedi, Jyeff Shelton va Devid Kreyg ismli faxriylar tashrif buyurdi. Ular bevosita Putinning orqasida, Xitoy yetakchisi Si Tszinpinning yonida o‘tirdi va ular shunday “nufuzli” joylarda o‘tirgani sababli butun dunyo oq beret kiygan va medallar taqqan uch britaniyalik urush faxriysini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi.

Bundan tashqari, faxriylardan ikki nafari Kemeronni paradga kelmagani uchun tanqid qilishdi va britan hukumati o‘zining “tarbiyasiz boladek” tutayotganini aytdi. Britaniya nomidan tadbirda Uinston Cherchillning nabirasi, parlament a'zosi Nikolas Soams qatnashdi.

“Prezident Putin bizga eng yaxshi joylarni taqdim etdi. Fikrimcha, Putin bizlarni Kemeronning o‘rniga Birlashgan Qirollikni namoyon qilayotganimizni ko‘rsatib qo‘yishni istadi”, deb aytmoqda 98 yoshli faxriy Shelton. Shelton Kemeron paradga kelishi kerak edi, deb aytdi. “Hukumat nima deb o‘ylayotgani yoki Ukrainada nima bo‘layotgani ahamiyatsizdir, urushda qurbon bo‘lgan 20 mln ruslar xotirasini rad etish tubanlik va qo‘pollikdir”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Shelton.

“Ruslar bizlarga o‘zini “tarbiyasiz boladek” tutayotgan hukumatimizdan ko‘ra yaxshiroq munosabat bildirdilar. Men harbiy kuchlar namoyish etilayotganda bizga urushni yutishga yordam bergan millionlab ruslar haqidagina o‘yladim”, deb ta'kidlab o‘tdi 90 yoshli qariya Kreyg.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish