Sport | 07:24 / 26.05.2015
3269
4 daqiqa o‘qiladi

Maradona Blatterni “ahmoq va o‘g‘ri” deya keskin tanqid qildi

Argentinalik sobiq futbolchchi Maradona FIFA rahbari Yozef Blatterning yana tashkilot prezidenti lavozimiga o‘z nomzodini qo‘yganidan g‘azablanmoqda.

“Oxirgi yillarda futbol yaxshi tomonga o‘zgargani yo‘q. Uning bosh ishchi organi korrupsiya maydoniga aylandi. Blatter rahbarligida FIFA sharmandagarchilik va bema'nilikka aylandi, futbolga haqiqatda befarq bo‘lmaganlarning barchasi shunday fikrda. Zamonaviy dunyoda biror odam besh marotaba ketma-ket bitta rahbar lavozimni egallashi qabul qilinmagan, bu BMT tamoyillariga ham zid keladi, bunday holat demokratik davlatlarda sodir bo‘lmaydi, biroq FIFA uchun oddiy hol. Biz butun umr yakka hokim bo‘lishni istayotgan odamga yo‘liqdik.

Men odamlardan Blatterning beshinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘ygani haqida so‘raganimda har doim bir xil javob olaman: “U kimningdir himoyasi, xayrixohligi va homiyligi ostida yillar davomida ishonch qozongan”. Biroq hech kim u haqiqatdan ham shu lavozimga loyiqligini va eng yaxshi nomzod ekanligini, g‘alaba qozonishini aytmayapti.

Ko‘pchilik Blatterni doimo qamoq jazosidan qochishga muvaffaq bo‘ladigan qari mafioziga qiyoslaydi. U irqchilik bilan kurashishi va ayol futbolini rivojlantirishini va'da qilmoqda. Bu menda savol uyg‘otmoqda. Unda u qolgan to‘rt muddati davomida nima bilan shug‘ullandi? Buni hamma biladi: o‘z atrofini cho‘ntaklarini futbol hisobiga qappaytirgan qalloblar bilan o‘rab olgan. Agar u rostgo‘y odam bo‘lganda, o‘z vaqtining yarmini FIFA moliyaviy faoliyatining tashqi tekshiruvlarini to‘xtatish uchun ishlatgan bo‘larmidi?”, deydi Maradona.

“Nima uchun bu 79 yoshli ayyor tulki beshinchi muddatda ham prezident bo‘lishi kerak? Uning hamtavoqlari o‘z xonalaridagi mebeldan boshqa hamma narsani o‘g‘irlab bo‘lishdi, Blatter esa hech narsani bilmasligini aytyapti. Balki biz uni Avliyo Zepp Begunoh janoblari deyishimiz kerakdir? Blatter o‘zini bexabardek tutmoqda. Agar tashkilot ziyon ko‘rayotgan bo‘lsa, hamma pora olayotgan bo‘lsa va sen hech narsadan bexabar bo‘lsang, unda sen yoki axmoq, yoki o‘g‘risan. Bu barcha aksilkorruptsion tergovlar futbolni nafratlanish botqog‘iga botirmoqda. Kamdan-kam sport turlari futbolchalik tanqid qilinadi. Buning aksariyati Blatter sababli sodir bo‘lmoqda.

Futbolning asosiy homiylari undan voz kechishdi. Yevropa kengashlari Blatterni 100 mln dollarlik ziyonlarda ayblashmoqda. Federal qidiruvlar byurosi 2022 yilgi Jahon chempionati mezboni qanday tanlangani holatini tekshirmoqda. Bizga yosh, ijodkor FIFA rahbari kerak. Bizga mafiya madaniyati emas, futbol madaniyati kerak. Biz futbol qaytishini istaymiz”, deb Maradonaning aytgan so‘zlarini keltirib o‘tdi The Telegraph nashri.

Ma'lumot uchun, 29 may kuni Tsyurixda FIFA prezidentiga saylov bo‘lib o‘tadi. Saylov arafasida Niderlandiya qirollik futbol uyushmasi prezidenti Mixael van Praag va portugaliyalik afsonaviy futbolchi Luish Figu o‘z nomzodlarini qaytarib oldi. Endi bu lavozimga faqatgina ikki nomzod – FIFAning amaldagi prezidenti Yozef Blatter va Osiyo bo‘yicha FIFA vitse-prezidenti, Iordaniya shahzodasi Ali ibn Al-Xusayn da'vogarlik qilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish