13:58 / 26.05.2015
2913

Muxlislardan biri Federer bilan suratga tushish uchun tennis kortiga yugurib chiqdi

Hozirda Parijda bo‘lib o‘tayotgan Fransiya ochiq chempionati – “Katta dubulg‘a” seriyasiga kiruvchi “Rolan-Garros” musobaqasida muxlislardan biri shveysariyalik tennischi Rojyer Federer bilan selfi tarzida suratga tushish uchun kortga yugurib chiqdi.

Muxlis kortga Federerning kolumbiyalik tennischi Alexandro Faleyga qarshi musobaqaning birinchi davra uchrashuvi tugagandan keyin yugurib chiqdi. U shveysariyalik tennischining yoniga deyarli kelishga muvaffaq bo‘ldi, biroq xavfsizlik xizmati uni tennischi bilan suratga tushishiga yo‘l qo‘ymay kortdan olib chiqib ketdi.

“Men bunday holatdan noroziman. Kecha mashg‘ulot paytida ham shunday hol ro‘y bergandi. Bunday katta musobaqalarda bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik kerak, boz ustiga yana ikki kun ketma-ket. “Rolan Garros”ning barcha ishtirokchilari o‘zlarini xavfsiz his qilishlari kerak”, deb aytdi Federer.

Uchrashuv 6:3, 6:3, 6:4 hisobida Federerning g‘alabasi bilan yakunlandi.

Top