O‘zbekiston | 19:29 / 26.05.2015
4597
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 500 ming tonna go‘sht mahsuloti zaxirasi tayyorlandi

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi tizimidagi korxonalar tomonidan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ekish, mevali bog‘lar barpo etish, mevalarni sotish va saqlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezident Islom Karimovning 2011 yil 30 martdagi  “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasi tuzilmasini isloh qilish va faoliyat samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi qarori tizimdagi korxona va tashkilotlar faoliyatini yanada faol tashkil etib, ichki iste'mol bozorlarimizni  fermer, dehqon va tadbirkorlarimiz tomonidan yetishtirilayotgan mahsulotlar bilan to‘ldirish, ular savdosini uyushqoqlik bilan tashkil etish va eksport hajmini oshirishda muhim omil bo‘lgani ta'kidlandi.

Bugungi kunda uyushma tizimida 57ta ulgurji savdo bazasi va korxonalar faoliyat yuritmoqda.

Ularda ulgurji xarid qilingan mahsulotlarni saqlash uchun 116 ming kvadrat metr sovutilmaydigan va 60 ming tonnalik sovutiladigan omborxonalar mavjud bo‘lib, shundan 50 ming kvadrat metr ombor maydonlari va 35 ming tonnalik sovutiladigan sig‘imlar qishloq xo‘jalik mahsulotlari, qolganlari oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashga ixtisoslashtirilgan.

Soha mutasaddilari ta'kidlanganidek, “O‘zulgurjisavdoinvest” uyushmasining 2015 yilga mo‘ljallagan chora-tadbirlar dasturiga ko‘ra, ulgurji bazalar tomonidan 13ta zamonaviy qolipli non, qandolat va makaron mahsulotlari ishlab chiqarish kichik sexlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, oziq-ovqat zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida o‘nlab chorvachilik xo‘jaliklari tashkil etilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur xo‘jaliklarda qoramol va qo‘ylar hamda tovuqlar ko‘paytirilmoqda. Bu esa aholini go‘sht,  sut va tuxum mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish bilan birga oziq-ovqat mahsulotlari narxini arzonlashtirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, uyushma tashabbusi bilan yangi intensiv bog‘lar yaratish uchun ajratilgan 125 gektar yerga 60 mingga yaqin mevali ko‘chatlar ekildi.

2015 yil boshidan buyon "O‘zulgurjisanoat" 70 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotish bo‘yicha 60 mlrd so‘mlik shartnomalarni imzolagan.
Bu shartnomaning asosiy miqdori kartoshka yetkazib berishni nazarda tutadi. Shuningdek, 17 ming tonna piyoz va guruch ham shu shartnoma bo‘yicha tayyorlanadi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda 500 ming tonna go‘sht zaxirasi tayyorlangan.
 
Anjumanda asosiy vazifa respublikamiz aholisini ijtimoiy muhim va boshqa mahsulotlar bilan uzluksiz ta'minlash va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash hisobiga oziq-ovqat zaxirasini ko‘paytirish va iste'mol bozori xavfsizligini ta'minlash ekani qayd etildi.
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish