Sport | 15:39 / 27.05.2015
1661
4 daqiqa o‘qiladi

27 mayda Yevropa Ligasi finalida “Sevilya” va “Dnepr” uchrashadi

Bugun, 27 mayda Yevropa Ligasi finalida Ukrainaning “Dnepr” va Ispaniyaning “Sevilya” futbol jamoalari Varshavada, mamlakat milliy stadionida ushbu nufuzli musobaqaning bosh sovrini uchun bellashadi. Ispan klubi o‘tgan mavsumda ushbu musobaqada g‘olib bo‘lgan edi. “Dnepr” esa ilk bor ushbu musobaqaning final bosqichida ishtirok etadi.

O‘z milliy chempionatlari yakunlariga ko‘ra Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kirita olmagan ushbu ikkala jamoada ham Varshavada buni amalga oshirish uchun imkoniyat paydo bo‘ladi. Finalda g‘alaba qozongan jamoa Chempionlar Ligasining guruh bosqichiga yo‘llanma oladi.

“Sevilya” Yevropa Ligasining oldingi ko‘rinishdagi formatida – UYeFA kubogida ikki bor: 2006 va 2007 yillarda g‘alaba qozongan. Bu ikki g‘alaba jamoaning o‘tgan yildagi g‘alabasi bilan hisoblansa, ushbu musobaqa uchun rekord natijalardan biri hisoblanadi. Ushbu musobaqada “Sevilya”dan tashqari “Yuventus”, “Inter” va “Liverpul” jamoalari ham uch bor g‘olib bo‘lishgan. “Sevilya”da ulardan o‘zib ketib, bu borada yagona rekordchi bo‘lish imkoni mavjud.

Ukraina klublari faqatgina bir marta UYeFA kubogida g‘olib bo‘lgan – bu unvonga 2009 yilda Donetskning “Shaxtyor” klubi erishgan. “Dnepr” 2005 yilda bu musobaqaning 1/8 final bosqichiga chiqqani ushbu klub uchun eng yaxshi natija hisoblanadi. Biroq “Dnepr” 1985 va 1990 yillarda Yevropa chempionlari kubogi musobaqasining nimchorak finallariga chiqa olgan.

Ispan klubiga 43 yoshli Unai Emeri murabbiylik qilmoqda. Ushbu murabbiy 2012 yilda Moskvaning “Spartak” klubiga murabbiylik qilgan, o‘tgan yili esa jamoani Yevropa Ligasi finalidagi g‘alabasiga olib kelgan. “Sevilya” 2006 va 2007 yillarda UYeFA Kubogini Xuande Ramos qo‘l ostida yutgan. Bu murabbiy 2010-14 yillar “Dnepr”ga murabbiylik qilgan. Biroq Ramos ukrain klubi bilan muvaffaqiyat qozona olmagach, joriy mavsum boshida klubga 64 yoshli Miron Markevich murabbiy qilib tayinlandi.

Ukraina chempionatining yakunlanishiga bir tur qolganda “Dnepr” musobaqa jadvalida 3-o‘rinni egallab turibdi hamda 2-o‘rinni egallash va Chempionlar Ligasiga yo‘llanma olishga juda kam imkoniyatga ega. “Sevilya” bu haftada yakunlangan Ispaniya chempionatida 5-o‘rinni egalladi hamda Chempionlar Ligasiga yo‘llanma ololmadi. “Sevilya” Chempionlar Ligasining guruh bosqichida so‘nggi marta 2009 yilda o‘ynagan. O‘shanda klub musobaqaning 1/8 final bosqichiga chiqqan, biroq u yerda Moskvaning TsSKA klubiga imkoniyatni boy bergan.

Agar “Sevilya” “Dnepr”ni mag‘lub etsa, unda Chempionlar Ligasi tarixida birinchi bor ushbu musobaqada Ispaniyadan 5 ta klub ishtirok etadi: "Barsela", "Real", "Atletiko", "Valensiya" va "Sevilya".

“Dnepr” va “Sevilya” o‘rtasidagi final uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 23:45 da boshlanadi. O‘yinni angliyalik hakam Martin Atkinson boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqaradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish