O‘zbekiston | 10:27 / 27.05.2015
2744
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 287 mingdan ortiq bola yozgi ta'tilni oromgohlarda o‘tkazadi

Joriy yilda O‘zbekistondagi oromgohlarda 287 ming nafardan ortiq bola yozgi ta'tilni o‘tkazadi. Bu haqda Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni ta'minlash bo‘yicha Respublika muvofiqlashtiruvchi guruhi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi Tanzila Norboyeva UzA muxbiriga ma'lum qilgan.

"2015 yilgi mavsumga har yilgidan ham ko‘ra puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Bu boradagi sa'y-harakatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish konsepsiyasi”ga muvofiq tashkil etilayotgani natijasida bolalarni sog‘lomlashtirishga oid ishlarni yanada takomillashtirish, ixtisoslashtirilgan oromgohlar ko‘lamini kengaytirish, ular faoliyatini mazmunan boyitish imkoni yaratildi. Mazkur tizimli ishlar natijasida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirishga faqatgina yoz mavsumida emas, balki yil davomida tayyorgarlik ko‘rilib, barcha ishlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga erishilmoqda. Natijada yildan-yilga sog‘lomlashtirish ishlarining sifati yaxshilanib bormoqda. 2012 yilda 252 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz dam oldirilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 287 mingni tashkil etmoqda", deydi u.

Yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunidan boshlanadi. Bu yilgi mavsumda jami 1 ming 149 oromgoh faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shundan 213tasi statsionar oromgoh, 795tasi kunduzgi oromgoh va 141tasi mehnat va dam olish oromgohidir. Mavsum davomida 287 ming 171 bolani sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning 151 mingdan ortig‘i statsionar oromgohlarga, 135 mingdan ko‘prog‘i esa kunduzgi oromgohlarga jalb etiladi. Ushbu maqsad uchun jami 39 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan. 

Joriy yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ham tizimli ishlar amalga oshirilishi belgilangan. Xususan, davlatimiz g‘amxo‘rligi ostida Orolbo‘yi mintaqasidan 4,5 ming bola – Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 3 ming, Xorazm viloyatidan 1 ming 500 o‘g‘il-qiz Toshkent shahri, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi so‘lim va bahavo oromgohlarda bepul dam oladi. 

Kasaba uyushmalari tomonidan kam ta'minlangan oilalarning 50 ming farzandi jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali bepul va imtiyozli, Mehribonlik uylarining 2 ming tarbiyalanuvchisi va jismoniy imkoniyati cheklangan bolalar bepul yo‘llanmalar bilan ta'minlanadi. Kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda 2 ming ona-bola birgalikda dam oldirilib, salomatligi mustahkamlanadi. Mahallalarda istiqomat qilayotgan kam ta'minlangan oilalarning 600 nafar farzandi va ota-onasiz bolalar bepul dam oldiriladi. Bundan tashqari, kasaba uyushmalari va «Mahalla» jamoat fondi hamkorligida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlarida istiqomat qilayotgan kam ta'minlangan oilalarning 100 nafar farzandi Samarqand viloyatidagi «Zolotinka» oromgohida bepul sog‘lomlashtiriladi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlikda viloyatdagi Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlaridagi kam ta'minlangan oilalar 500 nafar farzandining imtiyozli ravishda hordiq chiqarishini ta'minlash ko‘zda tutilgan. 

Bu yilgi mavsumni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida Respublika muvofiqlashtiruvchi guruhi tarkibidagi ishchi guruhlar tomonidan ham bir qator yangiliklar joriy etildi. Jumladan, joriy yilda kunduzgi oromgohlar faoliyatini takomillashtirish, mazmun jihatidan boyitish maqsadida «Kunduzgi sog‘lomlashtirish oromgohida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom» ishlab chiqildi. Mazkur nizom asosida kunduzgi oromgohning kunlik faoliyati tajriba sifatida soat 8.00 dan 14.00 gacha davom etadi. Oromgoh yozgi maydoncha sifatida tashkil etilib, unda maxsus dasturlar asosida bolalar uchun madaniy-ma'rifiy, sport tadbirlari, to‘garaklar faoliyat yuritadi. Bolajonlar issiq ovqat bilan ta'minlanadi. Mazkur turdagi oromgohlarda bolalarni dam oldirish 30-40 ming so‘mni tashkil etsa, ota-onalar uning 10 foizini to‘laydi, xolos. Qolgan xarajatlar kasaba uyushmalari va homiylar mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Bu yilgi mavsumda oromgohlar faoliyatini mazmunan boyitish maqsadida bolalarning qiziqishlarini inobatga olgan holda turli ixtisoslashgan oromgohlar faoliyati tashkil etiladi. Jumladan, 220 ixtisoslashtirilgan oromgoh faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 14 intellektual rivojlantirish, 14 harbiy-sport, 8 ijtimoiy-moslashuv, 14 ekologik-biologik, 14 texnik ijodkorlik, 14 badiiy ijodkorlik, 141 mehnat va dam olish oromgohi shular sirasiga kiradi. 

Har yilgidek bu yil ham O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan Toshkent viloyatidagi «Quyoshli» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida intellektual rivojlantirish oromgohi tashkil etilib, unda turli fanlar bo‘yicha o‘tkazilgan «Bilimlar bellashuvi» g‘oliblaridan 500 nafari kasaba uyushmalari tomonidan bepul sog‘lomlashtiriladi. Shu turdagi oromgohlar har bir hududda tashkil etiladi. Ularda «Bilimlar bellashuvlari»ning hududiy bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 100 nafar iqtidorli o‘quvchi dam oldiriladi. Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda 14 hududning har birida harbiy sport-sog‘lomlashtirish oromgohi tashkil etiladi. Ularga joylardagi voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyalari ro‘yxatida turuvchi 1 ming 500 bola jalb etiladi. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish