20:24 / 27.05.2015
4851

"FIFA ishi" bo‘yicha poraxo‘rlikda gumon qilinayotgan futbol amaldorlari haqida batafsil ma'lum qilindi

27 may kuni tongda Shveytsariyaning Tsyurix shahrida FIFA tizimida faoliyat yuritayotgan va muqaddam ishlagan 14 nafar futbol amaldorlari hibsga olindi. AQSh Federal qidiruv byurosi bu shaxslarni ancha vaqtdan buyon kuzatib kelgani aytilgan.

Qo‘lga olingan 14 nafar shaxsning 7 nafari ayni damda ham FIFA tizimida yuqori lavozimlarni egallab turgandi, yana ikki nafari FIFAdagi ishidan biroz oldinroq iste'foga chiqqandi. Yana besh nafar xizmatchi esa soha mutaxassislari hamda vositachilar ekani ma'lum qilingan.

AQSh prokuraturasi bu shaxslarni 24 yil davomida amalga oshirilgan poraxo‘rlik va pul yuvish jinoyatlarida ayblamoqda. Qayd qilinishicha bu jinoyatlar davomida 100 mln dollardan ortiq pul "aylantirilgan".

Bu jinoyatlar loyihasi AQSh hududida ishlab chiqilgani va AQShdagi banklar orqali amalga oshirilgani aytilmoqda.

Quyida qo‘lga olingan yuqori martabali amaldorlar haqida kengroq ma'lumotlar berilgan.

1. Jyeffri Uebb - FIFA vitse-prezidenti, KONKAKAF rahbari. Karib havzasi mintaqasi futbol ittifoqi va Kayman orollari Futbol uyushmasi rahbari. 50 yoshda.

2. Euxenio Figeredo - FIFA vitse-prezidenti; KONMeBOL va Urugvay Futbol federatsiyasining sobiq prezidenti. 83 yoshda.

3. Jyek Uorner - KONKAKAFning sobiq prezidenti, FIFA vitse-prezidentligidan 2011 yilning 20 iyunida bo‘shtilgan. 72 yoshda.

4. Eduardo Li - FIFAning ijroiy qo‘mitasi a'zosi, 2007 yildan buyon Kosta-Rika Futbol federatsiyasi rahbari.

5. Xulio Rocha - FIFAning rivojlanish bo‘limi ofitseri; Markaziy Amerika mintaqasi Futbol ittifoqi va Nikaragua Futbol federatsiyasining sobiq rahbari. 64 yoshda.

6. Kostas Takkas – KONKAKAF prezidenti yordamchisi, Kayman orollari Futbol uyushmasining sobiq bosh kotibi. 58 yoshda.

7. Rafael Eskivel – KONMeBOL ijro qo‘mitasi a'zosi, Venesuela Futbol federatsiyasi prezidenti. 69 yoshda.

8. Xose Mariya Marin - Futbol turnirlari va Olimpiya o‘yinlari bo‘yicha qo‘mita a'zosi. 2012 yilning martidan 2015 yilning apreligacha Braziliya Futbol federatsiyasini boshqargan. 83 yoshda.

9. Nikolasu Leos – FIFA ijro qo‘mitasining sobiq a'zosi. KONMeBOLning sobiq prezidenti, 86 yosh.

Bundan tashqari sport marketingi sohasida mutaxassis bo‘lgan Alexandro Bursako, Aaron Devidson, Ugo Jinkis, Mariano Jinkis va amaldorlar va marketologlar o‘rtasida vositachilik qilgan Xose Margulis ham hibsga olingan.

Top