19:24 / 27.05.2015
3312

Fransiya elchisi Farg‘ona vodiysiga tashrif buyurdi

22-24 may kunlari Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Jak-Anri Els Farg‘ona vodiysiga tashrif buyurdi.

Elchi Andijonda Andijon davlat universiteti rektori A.Yo‘ldoshev tomonidan iliq kutib olindi hamda universitetning fransuz tili kafedrasi talabalari va o‘qituvchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Farg‘ona shahrida elchi fransuz tili ixtisoslashtirilgan 3-sonli maktabga fransuz tilida yozilgan kitoblar va asarlar sovg‘a qildi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi vakili janob Sulaymanov bilan uchrashdi. Bu uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni muhokama qilishdi. Marg‘ilon shahrida Jak-Anri Els lionlik hamkasblari bilan hamkorlik qiluvchi ipak matolar ishlab chiqaruchi “Yodgorlik” fabrikasiga tashrif buyurdi.

Fransiya elchisi 23 may Farg‘onadagi “Al-Farg‘oniy” madaniyat va istirohat bog‘ida o‘zining hamkasbi, Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Naytxart Xyofer-Vissing va mahalliy hokimiyat vakili bilan “Sirk.uz” nomli ko‘cha sirki tomoshalarining ochilishida ishtirok etdi. Bu tomosha Fransiya va Germaniya elchixonalari hamda O‘zbekiston davlat sirki bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, 21 mayda Toshkentda namoyish qilingan edi. Tomoshada fransiyalik dorbozlar, germaniyalik akrobatlar va o‘zbekistonlik sirk artistlari ishtirok etishdi.

Top