Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mashhur velopoygachi Alberto Kontador muxlislardan birining qo‘lidagi selfi olish uchun mo‘ljallangan tayoqni urib tushirdi
Tinkoff-Saxo jamoasining mashhur ispaniyalik velopoygachisi Alberto Kontador “Djiro d'Italiya” velopoygasining 15-bosqichida muxlislardan birining qo‘lidagi selfi olish uchun mo‘ljallangan tayoqni urib tushirdi.
Velopoygachilar toqqa ko‘tarilayotganlarida bir muxlis tayoqqa mahkamlangan monopod bilan suratga olmoqchi bo‘lgan. Kontador uning qo‘lidagi selfi uchun mo‘ljallangan tayoqni ko‘rib, uni muxlis qo‘lidan urib tushirdi.
Avvalroq velopoyganing 6-bosqichida trassada muxlislardan biri velopoygachilar marraga yetib kelayotganlarini kameraga olmoqchi bo‘lganda velopoygachilar orasida to‘qnashuv sodir bo‘lgan edi. Buning oqibatida Kontador yelkasidan jarohat olgan, yana bir sportchi Daniele Kolli qo‘lini sindirib olgandi.
Ma'lumot uchun, Alberto Kontador zamonamizning eng kuchli velopoygachilaridan biri hisoblanadi. U 2 marta “Tur de Frans” (2007, 2009), 3 marta “Ispaniya Vueltasi” (2008, 2012, 2014) va bir marta “Djiro d'Italiya” (2008) musobaqasining g‘olibi bo‘lgan.