Jamiyat | 12:40 / 27.05.2015
3180
2 daqiqa o‘qiladi

Qamoqdan 30 yil avval qochib ketgan italiyalik mafioz Braziliyada qo‘lga olindi

Braziliya politsiyasi 26 may kuni 30 yildan beri qochqinlikda yurgan italyan mafiyasining boshlig‘ini qo‘lga oldi. 56 yoshli Paskuale Skotti ismli bu mafioz Interpol va Braziliya politsiyasining birgalikdagi operatsiyasi natijasida Resifi shahrida qo‘lga olindi.

Skotti Neapoldagi Camorra guruhi mafiyasining xo‘jayini bo‘lgan. 1980 yilda uning 20dan ortiq kishining qotilligida aybdorligi o‘rnatilgan. 1983 yilda u qo‘lga olingan. Mafiozni qo‘lga olish paytida otishma yuz bergan va jinoyatchi bir nechta yeridan jarohat olgan. 1984 yil Rojdestvo bayrami arafasida Skotti o‘zi davolanayotgan qamoqxona shifoxonasidan qochishga muvaffaq bo‘lgan.

Italiya yo‘llarida minglab avtomobillar tekshiruvdan o‘tkazilganiga va reydlar amalga oshirilganiga qaramay, karabinerlar uni ushlay olmagan. 1991 yilda u 20dan ortiq qishining qotilligi, noqonuniy tarzda o‘qotar qurol saqlaganlik va tovlamachilikda aybdor deb topilib, sirtdan jazoga tortilgan.

Braziliyada mafioz o‘z tashqi qiyofasini o‘zgartirgan. Uni 30 yil avvalgi arxiv ma'lumotlarida saqlab qolingan barmoq izlari bo‘yicha topishga muvaffaq bo‘lindi. Skotti Braziliyada o‘z oilasi bilan oilaparvar odamlarga xos tarzda hayot kechirgan: u o‘zining ikki farzandini maktabga olib kelganda qo‘lga olindi.

Italiya hukumati jinoyatchining ekstraditsiya qilinishi jarayonini boshladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish