12:41 / 28.05.2015
2666

Toshkentda kamondan otish bo‘yicha mintaqaviy seminar boshlandi

Joriy yilning 27 may – 1 iyun kunlari Respublika olimpiya zaxiralari kollejida kamondan otish bo‘yicha murabbiylar uchun mintaqaviy seminar o‘tkaziladi
 
Xalqaro olimpiya qo‘mitasining birdamlik dasturi asosida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro hamda Respublika kamondan otish sport federatsiyalari tashabbusi tashkil etilgan mazkur mintaqaviy seminarda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar bilan birga qo‘shni Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatidan kelgan murabbiylar ham o‘z bilim va malakalarini oshirmoqdalar. Seminarni o‘tkazish uchun Xalqaro kamondan otish federatsiyasi eksperti Stanislav Troyepolskiy (Isroil) taklif etilgan. 
 
Qariyib bir hafta davom etadigan seminarda mutaxassislar sportchilarni tayyorlash metodikasi, musobaqalarning qoidalariga kiritilgan yangiliklar bo‘yicha nazariy va amaliy kurslarda ishtirok etadilar. 
 
Bugun seminarning ochilishiga bag‘ishlanib o‘tkazilgan marosimda so‘zga chiqqanlar kamondan otish sport turi juda qadim tarixga ega bo‘lib, Markaziy Osiyo hududi, xususan O‘zbekistonda yildan-yilga taraqqiy etib, xalqaro maydonlarda erishilayotgan muvaffaqiyatlar salmog‘i yuksalib borayotganini ta'kidlab, bu kabi seminarlar mutaxassislar bilim va ko‘nikmalarini yanada boyitidash muhim ahamiyatga ega ekanligini e'tirof etishdi. 
 
“Avvalo hukumatimiz rahbariyatiga bizga qaratilayotgan e'tibor va ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar uchun chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz, - deydi O‘zbekiston terma jamoasi katta murabbiyi Gulnora Aripova. Bugungi kunda kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish uchun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika kamondan otish federatsiyasi tomonidan barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Bugundan boshlangan mintaqaviy seminar ham mamlatimizda sportning ushbu turini yanada rivojlanishiga xizmat qiladi”. 
 
Shu tariqa, mintaqaviy seminar ham boshlandi. Bugun kunning birinchi yarmida seminar ishtirokchilari nazariy bilimlarini yanada boyitadilar. Shundan so‘ng amaliy mashg‘ulotlar boshlanadi.
 
Kamondan otish sport turi dunyoning 180 davlatida rivojlanayotgan bo‘lib, O‘zbekistonda ham yil sayin rivojlanmoqda. Jumladan, bugungi kunda Toshkent shahri va viloyati, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlarida keng ommalashgan bo‘lib, Respublikamizdagi beshta olimpiya zaxiralari kollejlarida kamondan otish bo‘limlari tashkil qilingan. Ayni paytda Toshkent viloyatining O‘rta-Chirchiq tumanidadagi “Olimpiya” sport majmuasida zamonaviy lukodrom barpo etilmoqda. Bundan tashqari poytaxtimizdagi Sergeli tumanida O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi tomonidan lukodrom faoliyat ko‘rsatmoqda.
Top