07:47 / 29.05.2015
6736

Bill Geyts odamzodga xavf solishi mumkin bo‘lgan muammolar haqidagi fikrlarini bildirdi

Amerikalik mashhur milliarder, Microsoft ning sobiq rahbari, 59 yoshli Bill Geyts Vox telekanaliga bergan intervyusida yuqumli kasallik epidemiyasi odamzod uchun eng katta xavflardan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirgi sharoitlarda biror infeksiyaning tarqalishi shunchalik shiddatli bo‘ladiki, u birinchi 100 kunda 770 ming odamning, 200 kundan keyin esa 33 mln odamning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin.

“Men hayot bo‘lganimda yadro urushining yuz berishi ehtimolini past baholayman. Gollivud filmlarida ko‘rsatiladigan yerga asteroidlar tushishi, global darajadagi zilzilalar yoki vulqonlar otilishi yuz berishi ehtimoli juda past. Biroq shu davr mobaynida Ebola isitmasidan ham yomonroq bo‘ladigan virus epidemiyasining tarqalishi imkoni, mening hisoblarimga ko‘ra, 50 foizdan ko‘proqni tashkil qilmoqda”, deb aytmoqda Geyts.

Milliarder infeksion falokat yuz berish ehtimolini modellashtirgan tadqiqot guruhini yaratganini tan oldi. “Tibbiyot darajasi oxirgi 100 yil ichida anchagina ko‘tarilganiga, yangi dorilar va tibbiy uskunalar paydo bo‘lganiga qaramasdan, bu yutuqlar beixtiyor ravishda kasalliklarni tashib yurishi mumkin bo‘lgan odamlarning yer yuzi bo‘ylab harakatlanishining zamonaviy imkoniyatlari bilan yo‘qqa chiqariladi. Shuning uchun infeksiyaning tarqalishi shiddatli bo‘ladi”, deb ishonch bilan aytmoqda Geyts.

Geyts virusning tez tarqalishiga misol qilib, 1918-1919 yillarda butun dunyo bo‘ylab 20 mln.dan 40 mln.gacha odamlarning hayotini olib ketgan “ispanka” – ispan grippini keltirdi. “Biz hattoki bu gripp qayerdan paydo bo‘lganini ham bilmaymiz. Bu kasallik haqida ispan matbuoti birinchi bo‘lib xabar bergani uchun shunday atalgan. Hozirda chegaralarni bir asr avvalgidan 50 marta ko‘proq odam kesib o‘tadi. Demak, virusning tarqalishi ispanka zamonidagidan ancha yuqori bo‘ladi”, deb ta'kidlamoqda Microsoft asoschisi.

Ma'lumot uchun, Bill Geyts dunyoning eng nochor davlatlarida kasalliklar bilan kurashuvchi xayriya jamg‘armasini yaratgan. O‘tgan yili Geyts Afrikada bezgakka qarshi kurash uchun 500 mln dollar xayr-ehson qilgan.

Top