11:54 / 30.05.2015
12232

Ingliz tilida insholar yozish bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

29 may kuni O‘zbekiston ingliz tili o‘qituvchilari uyushmasi (UzTEA) qoshidagi YLDP — "Yosh yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash loyihasi" va “Abituriyent” gazetasi xamkorligida o‘tkazilgan Respublika insholar tanlovi final bosqichi hamda g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosim Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Sardorlar suhbati” so‘zlashuv klubining navbatdagi yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Klubning bu galgi yig‘ilishiga ingliz tilida ravon so‘zlashadigan sportchi va xonandalar tashrif buyurdi. Og‘ir atletika bo‘yicha hakam Amir Sadulloyev, taekvondo bo‘yicha jahon chempioni Dmitriy Shokin, “Bunyodkor” futbol klubi himoyachisi Jasur Hasanov hamda xonanda Jasur Mirsagatov klub qatnashchilari bilan muvaffaqiyatga erishish haqida suhbatlashdi.

Tanlov tashkilotchisi Mirjalol Mirsabitovning bergan ma'lumotlarga ko‘ra, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mazkur tanlov ikki bosqichli bo‘lib, saralash bosqichi uchun yurtimizning barcha viloyatlaridan 350dan ortiq insholar qabul qilindi.

Mutaxassislar tarkib topgan hakamlar hay'ati har bir hududdan bitta eng yaxshi insho muallifini tanlab oldi. 12ta viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent shahridan jami 14 nafar qalamkash YLDP resurs va trening markazida yig‘ilib, final bosqichida ishtirok etadi. Belgilangan vaqt ichida nazoratchilar kuzatuvida insho yozgan qatnashchilar uchun tadbir doirasida Toshkent shahri bo‘ylab sayohat tashkil etildi. 

Insholar tanlovi quyidagi mavzularga bag‘ishlanadi:

Saralash bosqichi: Why do I love my motherland Uzbekistan? (Men nechun sevaman O‘zbekistonni?) 

Final bosqichi: Well-educated, smart and proactive youth hold the key to Uzbekistan’s future prosperity. (O‘zbekistonning porloq kelajagi ziyoli, aqlli va faol yoshlar qo‘lida)

Tanlovda natijalari:
1-o‘rin – Soliha Shahobiddinova, Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti akademik litseyi o‘quvchisi (2 million so‘m);
2-o‘rin – Aziza Rahmatova, Buxoro maishiy-xizmat va servis kolleji o‘quvchisi  (1 million so‘m);
3-o‘rin – Dinara Omonova, Urganch turizm va biznes kasb-hunar kolleji o‘quvchisi         (500 ming so‘m)

Ta'kidlash joiz, ilk bor YLDP loyihasi Respublika miqyosida yoshlar o‘rtasida ingliz tilida insholar yozish tanlovini o‘tkazish tashabbusini 2014 yilning bahorida ko‘rsatgan edi. Har bahor va kuz oylarida an'anaviy tarzda tashkil etiladigan insholar tanlovida birinchi safar 100dan ortiq, 2014 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan kuzgi tanlovda esa 200ga yaqin yoshlar qatnashgan.

Top