21:31 / 01.06.2015
3475

O‘zbekistonda joriy yilning ilk choragida 40 mlrd so‘mlik qishloq xo‘jaligi texnikasi lizingga berildi

“O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik kompaniyasi joriy yilning birinchi choragida umumiy miqdori 39,5 mlrd so‘mni tashkil qiladigan 990 ta qishloq xo‘jaligi texnikasini lizingga berdi.

Bugunda 36 mingdan ortiq turli fermer xo‘jaliklari va mashina-traktor parklari kompaniya mijozlari sanaladi. O‘tgan yil natijalariga ko‘ra, lizing orqali 267,6 mlrd so‘mlik 4415 ta texnika taqdim qilingan.

Aytish joizki, “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” kompaniyasi “O‘zagrosanoatmashxolding” kompaniyasi va yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi texnikasining 10 dan ortiq turini ishlab chiqarishni tashkil etdi. Bu texnikalarga fermerlar tomonidan katta talab bildirilmoqda. Ular orasida shudgorlash traktorlari, mini-traktorlar, diskli o‘rgichlar, g‘alla ekgichlar, makkajo‘xori o‘rish kombaynlari va boshqa turdagi texnikalar mavjud.

Bundan tashqari, kompaniya lizing xizmatlari narxini tushirish bo‘yicha ishlar olib bormoqda. Oxirgi 15 yil davomida lizing foizi deyarli 3 marta: yillik 12 foizdan 4,5 foizgacha kamaytirilgan. Shuningdek, lizingga beriluvchi texnika turlari soni ham muntazam ravishda oshib bormoqda, o‘tgan yili ularning soni 50 tani tashkil qilgan.

Top