11:38 / 01.06.2015
6371

Uychi tumani aholisi beton ariqlar o‘rnatishdagi noprofessional yondashuvdan aziyat chekmoqda

So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari har qanday kishini quvontirayotganiga shubha yo‘q. Lekin ba'zi holatlarni ko‘rib «bu ishni rostdan ham professional quruvchilar qilganmi» degan hayolga boramiz.

Namangan viloyatning Uychi tumanidagi Mashad qishlog‘idagi «Ergashgan» ko‘chasida 30-umumta'lim maktabi joylashgan. Sezgan bo‘lsangiz kerak, nisbatan gavjum bo‘ladigan ko‘cha. Mazkur ko‘cha chetida o‘rnatilgan ariqlar yo‘ldan 10-15 sm balandlikda joylashgan. Yomg‘ir yog‘adigan bo‘lsa ariqqa oqishi kerak bo‘lgan suv ko‘chada to‘planib qoladi. Bu esa o‘z navbatida maktab o‘quvchilariga, qishloq aholisiga noqulaychilik tug‘dirmoqda. Bilamizki, yo‘l chetidagi ariqlar o‘ziga xos drinaj tizimi bo‘lib, ko‘chalarda suv to‘planib qolishining oldini olishi zarur. Uychida o‘rnatilgan ariq esa odamlarga foyda bo‘lish o‘rniga zarar yetkazmoqda.

Uychilik suhbatdoshimiz quyidagi fikrlarni bildirdi:

«Aslida ishi tugamagan yo‘lni bitdi deb topshirib yuborishdi. Asfalt to‘liq bo‘lgani yo‘q, yo‘l belgilari ham o‘rnatilmadi. Axir bu yerdan bolalar o‘tadi-ku. Beton ariqlarning ayrimlari cho‘kib yotibdi. Ko‘cha chetida o‘rnatilgan ariqlar nega yo‘ldan 10-15 sm balandlikda joylashgani haqida so‘raganimizda, yana asfalt qilamiz, yo‘l ariq bilan tenglashadi deyishgandi. Ammo ikki yildan beri bu ishni qilishmayapti. Yomg‘ir yoqqanda yo‘lda suv yig‘ilib qoladi. Bu esa qo‘shimcha muammolar tug‘diradi. Yuqorida aytganimdek, suv yig‘ilishi natijasida ariqlar cho‘kib ketyapti. Bu holat har bir uychilikni ta'bini xira qilyapti».

Qurilish ishlarida mayda narsalar bo‘lmaydi. Har bir detalga alohida yondashuv bo‘lishi, eng mayda ishlarni ham haqiqiy professinallar bajarishi kerak axir aytganimizdek davlat byudjyetidan katta mablag‘lar sarflanayotgan bo‘lsa. Shundagina yuqoridagi holatlar kuzatilmaydi. Umid qilamizki, tuman rahbarlari bu kamchilikni albatta to‘g‘irlaydilar.

Manba: telegraf.uz

Top