Jamiyat | 10:24 / 02.06.2015
2951
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-York metrosida oyoqlarini kerib o‘tiradiganlar jazolanmoqda

Nyu-York hukumati shaharning jamoat transportidan foydalanuvchi ayollarini himoya qilishga bel bog‘ladi. Huquq-tartibot muassasalari mahalliy metropoliten rahbariyati tashabbusi bilan metro vagonlarida oyoqlarini haddan ziyod katta ochib, kerib, shu tariqa ikki kishiga mo‘ljallangan joyni egallab o‘tiradigan erkak yo‘lovchilarni jarimaga tortishni boshladi. Ularning bunday xatti-harakat sababli qolgan yo‘lovchilar oyoqda tik ketishga majbur bo‘lishmoqda

Bruklinda politsiya xodimlari ikki nafar lotin amerikalik yigitni “oyoqlarini kerib o‘tirib, boshqalarga hurmatsizlik qilganlari” uchun hibsga oldilar. Qoidabuzarlar sud oldida o‘z qilmishlari uchun javob berdilar. Sud hakami dastlab ayblanuvchilarning kunduz kuni qo‘lga olinganliklari holatiga gumon bilan qaradi, chunki kunning bu vaqtida metro vagonlari hech qachon to‘la bo‘lmaydi va shuning uchun yigitlar qolgan yo‘lovchilarga halaqit berganliklari dargumonligini aytdi.

Biroq shunga qaramay, yigitlarga nisbatan shartli jazo qo‘llandi: agar ular ma'lum muddat ichida qonunni buzmasalar, ulardan “nojoiz o‘tirganlik” aybi olib tashlanadi. Chiqarilgan hukm tafsilotlari va shartli jazo muddati oshkor etilmagan. Jurnalistlar bunday hukmning chiqarilishi va bunday xatti-harakatlar uchun javobgarlikka tortishning boshlanishi holatining o‘zini “butun dunyo blogerlari va feministkalarining g‘alabasi” deb atashdi.

Bu muammoga dastavval blogerlar e'tiborni qaratishdi, ular Tumblr ijtimoiy tarmog‘ida oyoqlarini kerib va shu tariqa yonidagi bo‘sh o‘rinni ham egallab o‘tiradigan odamlarning suratlarini chop etishni boshlashgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish