21:01 / 02.06.2015
7945

Hindistonda mo‘l hosil bo‘lishi uchun inson hayoti qurbon qilindi

Hindistonda yomg‘ir chaqirish va mo‘l hosil bo‘lishi uchun bir erkak boshidan judo qilindi. Bu haqda The Hindustan Times nashri xabar bermoqda.

Qurbonlik Hindistonning sharqida joylashgan Jarkxand shtatida amalga oshirilgan. 55 yoshli Txepa Koriy ismli erkakning boshsiz jasadi uning Kxarvadi-Kadamdoxar qishlog‘idagi uyida topildi. Politsiyaning xabar berishicha, erkak tongotar payti 31 mayda o‘ldirilgan. Qotillar uning boshini o‘zlari bilan olib ketgan.

Politsiya va marhum yaqinlarining fikricha, bu qotillikni “mudkatva” yoki “orka” deb ataluvchi sekta izdoshlari amalga oshirgan. Bu guruh o‘z qurbonlarining boshini kesib olib, ularni yomg‘ir va mo‘l hosil olish maqsadida guruch ekilgan maydonlarga ko‘mishlari bilan tanilgan. Huquq-tartibot muassasalari xodimlari sektantlarga qarshi kampaniyani boshlashlarini ma'lum qildilar.

“Mudkatva” sektasi Jarkxandada bir necha yuz yillardan beri faoliyat yuritib keladi. Bu sektaga dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi tabaqa vakillari mansublar. Boshdan judo qilish hollari deyarli har yili qayd qilinadi. 2012 yilda qishloqlardan birida yashovchi erkak hosil olish maqsadida rafiqasining boshini qurbonlikka keltirgan. 2013 yilda qishloq ahli sektantlar qo‘lidan qurbonlik qilishga tayyorlab qo‘yilgan balog‘atga yetmagan qizni tortib olishga muvaffaq bo‘lishgan. Politsiya ba'zida bu qotillarning iziga tushishga muvaffaq bo‘lishadi. 2007 yilda beshta qotillikni amalga oshirishda ayblangan 70 yoshli erkak qo‘lga olingan edi.

Mahalliy aholi sektantlarning navbatdagi qurboniga aylanishdan qo‘rqib, sektantlar ustidan shikoyat qilishga botina olishmaydi.

Top