Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
5 iyunda nemis tili bo‘yicha stipendiyalar sovrindorlari taqdirlanadi
Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Naythart Hyofer-Vissing 2015 yil 5 iyun kuni elchixonada bo‘lib o‘tadigan tantanali marosim doirasida Germaniyada nemis tilini o‘rganish, tahsil olish va tadqiqot ishlarini olib borish bo‘yicha joriy yil stipendiyalariga oid diplomlarni o‘z egalariga topshiradi.
Ushbu yilda O‘zbekistondan jami 83 nafar talaba, o‘qituvchi va tadqiqotchilar Germaniya oliygohlari va tadqiqot institutlarida ilmiy izlanishlar olib borish bo‘yicha rag‘batlantiriladi. Mazkur tadqiqot stipendiyalari yosh o‘zbek olimlarining Germaniya oliygohlarida ilmiy ishni yoqlash (PhD) niyatlarini rag‘batlantirishga, tadqiqot loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga hamda o‘zbek olimlari va oliygoh o‘qituvchilarining Germaniya oliygohlari bilan tadqiqotlar borasidagi ilmiy almashinuviga xizmat qiladi.
Germaniyada o‘qishga doir stipendiyalar magistratura yo‘nalishidagi ta'limni to‘liq moliyalashtirishga asoslangan. Bundan tashqari, nemis tili bo‘yicha a'lo darajadagi bilimga ega o‘zbek talabalariga Germaniya oliygohlaridagi yozgi kurslarda ishtirok etish uchun ham bir qancha stipendiyalar ajratilgan. Ushbu stipendiyalar bir tomondan bakalavr va magistratura yo‘nalishidagi o‘zbek talabalari va ikkinchi tomondan Germaniya oliygohlari o‘rtasida til va madaniyatga yo‘naltirilgan o‘zaro almashinuvni maqsadli ravishda qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Ma'lumot uchun, xorijdagi maktablar bo‘yicha Germaniya markaziy boshqarmasi O‘zbekistonda 1994 yildan boshlab maktab va litseylarni chuqurlashtirilgan nemis tili darslari o‘tishda qo‘llab-quvvatlab keladi va bu orqali «Maktablar: kelajak hamkorlari» tashabbusi doirasida O‘zbekistonda chet tili o‘qitilishinining takomillashtirilishiga o‘zining faol hissasini qo‘shib kelmoqda. ZfA bilan hamkorlik qiladigan ushbu maktab va akademik litseylarda jami 6400 nafarga yaqin o‘quvchi chet tili sifatida nemis tilini o‘rganishmoqda.