13:19 / 03.06.2015
3951

AQSh sudi 19 yoshli amerikalik qizni 50 km piyoda yurishga majbur qildi

Ogayo shtatining Maykl Chikkonetti ismli sudyasi 19 yoshli Viktoriya Baskomni taksi haqini to‘lamagani uchun deyarli 50 km piyoda yurishga majbur qildi. Bu haqda ABC News telekanali xabar bermoqda

Qiz taksida aynan shuncha masofadagi yo‘l yurgandan keyin haydovchiga pul bermagan. Sudya qizga tanlash huquqini berdi: yoki qamoqxona, yoki tarbiyalash maqsadida piyoda yurish. Bundan tashqari, sudya qiz bu masofani 2 kunda bosib o‘tishi kerakligini aytgan. Shuningdek, qizning zimmasiga haydovchiga 100 dollar xizmat haqini to‘lab berish majburiyati qo‘yilgan.

Qiz qamoqqa tushishdan qo‘rqib, piyoda yurishni afzal bildi. Qiz o‘zining jazosini o‘tashni boshlaganda, sudya qizning tuproqli yo‘ldan yurishini inobatga olib, unga rahm qilib masofani 32 km gacha kamaytirdi.

Chikkonetti o‘zining noodatiy qarorlari bilan nom chiqargan. Avvalroq u o‘rmonga 35ta mushuk bolasini tashlab ketgan ayolni o‘rmonda tunni o‘tkazishga majbur qilgan edi.

“Odatda men yosh, ta'sirchan va birinchi marta qonunni buzayotgan shaxslarga qamoq jazosi va boshqa bir jazoni tanlash huquqini beraman. Bunday jazoni qo‘llashdan maqsad ayblanuvchi qanday qarorni qabul qilishidan qat'i nazar, u sudga boshqa qaytishni xohlamasligidan iborat”, deb aytmoqda qonun peshvosi.

Top