19:40 / 03.06.2015
4195

SanDisk kompaniyasi fleshkalarning yangi avlodini namoyish qildi

SanDisk kompaniyasi o‘zining rasmiy saytida ikkita modeldan iborat fleshkalarning yangi avlodini namoyish qildi.

Birinchi model ixchamlikni xush ko‘radiganlar uchun manzur bo‘ladi. 128 Gb hajmga ega SanDisk Ultra Fit fleshkasi bunday hajmga ega dunyodagi eng kichik fleshka hisoblanadi. U o‘lchamlari bo‘yicha 10 sentli chaqa pulning o‘lchamlari bilan barobar. Bunday fleshkada FullHD formatida 16 soat videoma'lumot saqlash mumkin. Fleshkaning o‘qish tezligi bir soniyada 130 Mb ni, narxi esa 119 dollarni tashkil qiladi.

Ikkinchi model SanDisk Ultra bugungi kunda SanDisk kompaniyasining eng katta hajmdagi fleshkasi hisoblanib, 256 Gb ma'lumot saqlash imkonini beradi. Gadjyet birinchi modelga o‘xshab kichkina o‘lchamlarga ega emas, lekin uning sig‘imdorligi barcha noqulaylik o‘rnini to‘ldiradi. Bu fleshkada ma'lumotlarni uzatish tezligi bir soniyada 100 Mb ni, narxi esa 199 dollarni tashkil qiladi.

Ikkala fleshka ham USB 3.0 interfeysida ishlaydi va avvalgi USB 2.0 standartini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Fleshkalar SanDisk kompaniyasining Secure Access dasturi yordamida ma'lumotlarni o‘g‘irlashdan himoyalangan va fleshka yo‘qolgan taqdirda ham shaxsiy ma'lumotlarning daxlsiz qolishidan xotirjam bo‘lish mumkin.

Top