20:55 / 04.06.2015
4979

Andijonda avtomobillar uchun sifatli pleyer va raqamli soatlar tayyorlanmoqda

Andijondagi «Idas elektroniks sistem» O‘zbekiston – Singapur qo‘shma korxonasida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun sifatli pleyer va raqamli soatlar tayyorlanmoqda.

2008 yilda o‘z faoliyatini boshlagan mazkur korxonada mahalliylashtirish dasturi doirasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasida ishlab chiqarish hajmi, mahsulot sifati va ish unumdorligi ortib bormoqda. Ayni paytda korxona mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan “Matiz”, “Damas”, “Spark”, “Nexia”, “Lasetti” va boshqa rusumdagi avtomobillar uchun CD/MP3 pleyerlari (magnitofonlar), shuningdek, “Nexia” va “Matiz” avtomobillari uchun raqamli soatlar tayyorlamoqda.

Korxonada joriy yilning birinchi choragida turli rusumdagi avtomobillar uchun 28 ming 900 dona SD/USB pleyeri hamda 26 ming 200 dona raqamli soat ishlab chiqarildi. 


Bugungi kunda korxonada mehnat qilayotgan 90 ga yaqin ishchining aksariyati yoshlardir. Murakkab texnologik jarayonlar asosida tayyorlanadigan magnitofon va soatlar kollejni bitirgan yosh mutaxassislar tomonidan ishlab chiqarilayotgani e'tiborga molik. 


Korxona mahsulotlarining sifati jahon standartiga, xalqaro andoza va talablarga to‘la javob beradi, shu bois ular xaridorgir hisoblanadi. 

"Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda yangi liniya – shtamplash sexi ishga tushirildi. Natijada CD/MP3 pleyerlarining metall qismlarini shu yerning o‘zida tayyorlash o‘zlashtirildi. Bunda bizga xorijiy hamkorlarimiz – Singapurning «Sidas Global PTE LTD» kompaniyasi mutaxassislari yaqindan ko‘mak berdi", – deydi korxona bosh direktori Avazbek Yusupov. 

Korxonada mahalliylashtirish doirasida lokalizatsiya jarayonini yanada kengaytirish ishlari davom ettirilmokda. Bularning barchasi Prezidentimiz rahnamoligida yaratilgan barqaror investitsiya muhiti, tadbirkor va ishbilarmonlar uchun qulay sharoit va imtiyozlar samarasidir. 

Top