10:27 / 04.06.2015
4631

AQSh: Xitoyning yangi qonunchiligi inson huquqlarini buzmoqda

AQSh rasmiylarining fikricha, XXRning milliy xavfsizlik va terrorchilikka qarshi kurash sohasidagi yangi qonunchiligi inson huquqlarining buzilishiga olib kelishi mumkin. Bu haqda Davlat Departamenti rasmiy vakili Jon Kirbi Tyananmen maydonidagi norozilik namoyishi munosabati bilan qilgan chiqishida bayonot berdi.

“1989 yildan buyon Xitoy ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotga erishganiga qaramay, biz hanuzgacha u yerda inson huquqlari poymol qilinayotganidan tashvishdamiz. Biz milliy xavfsizlik, terrorchilikka qarshi kurash va nodavlat tashkilotlar faoliyatini nazorat qilishga aloqador qonun loyihasi atrofidagi vaziyatni kuzatib bormoqdamiz. Aftidan, u Xitoyning ochiqlikka sodiqligini shubha ostiga oladi va, agar hozirgi holatda qabul qilinsa, inson huquqlari buzilishiga olib kelishi mumkin”, – deb ta'kidladi siyosatchi.

Ma'lumot uchun, 1989 yili Pekinning Tyananmen maydonida norozilik namoyishlari uyushtirilgan edi. Asosan talabalar ishtirok etgan aksiya bir necha oy davom etdi. 4 iyun kuni namoyish harbiy qismlar yordamida tarqatib yuborildi, buning oqibatida yuzlab odamlar halok bo‘ldi.

Top