13:39 / 04.06.2015
2433

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida o‘zbek-belarus qo‘shma komissiyasi yig‘ilish o‘tkazdi

1 iyun kuni O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida 1994-yil 22-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi hukumati hamda Belarus Respublikasi hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risida tuzilgan bitimning 19-moddasiga binoan, xalqaro avtomobil qatnovi bo‘yicha o‘zbek-belarus qo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibi O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Tashqi ishlar Vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va O‘zbekiston xalqaro avtomobilda tashuvchilar uyushmasi (AIRCUZ) vakillaridan tuzilgan bo‘lsa, Belarus delegatsiyasi tarkibi – Belarus Respublikasi Transport va kommunikatsiyalar vazirligi, Xalqaro avtomobilda tashuvchilar assotsiatsiyasi (BAMAP) hamda tashuvchilarning (transport tashkilotlari) vakillaridan iborat edi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘ining o‘rinbosari Shoolim Shovahobov, Belarus delegatsiyasiga – Belarus Respublikasi Transport va kommunikatsiyalar vazirligining avtomobil va shahar yo‘lovchi transporti boshqarmasi boshlig‘i Sergey Dubin rahbarlik qildi.
 
Tadbir davomida tomonlar xalqaro avtomobilda tashuvlar sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ahvoli to‘g‘risida fikr almashdilar, xalqaro avtomobilda tashuvlarni amalga oshirish uchun almashiladigan ruxsatnomalar sonini muhokama qilishdi, shuningdek ikki davlat o‘rtasida avtotransportda yuk tashish bilan bog‘liq amaliy masalalarni ko‘rib chiqishdi.

Hamkorlar xalqaro avtomobilda tashuvlar sohasida O‘zbek-Belarus aloqalari jadal rivojlanib borayotganligini ta'kidladilar. O‘tgan 2014 yilda ikki mamlakat o‘rtasida avtomobilda tashuvlar hajmi (eksport-import) 2013 yilga nisbatan sezilarli darajada ortganligi alohida qayd etildi. Shuning barobarida tomonlar mazkur sohada ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun cheksiz imkoniyatlar mavjudligini e'tirof etishdi.

Xalqaro avtomobil qatnovi bo‘yicha O‘zbek-Belarus yo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi yakuni bo‘yicha tegishli hujjatlar imzolandi.

Uchrashuv so‘ngida mehmonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Top