O‘zbekiston | 19:38 / 04.06.2015
14259
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda "Qizil kitob"ning yangi nashri chop etiladi

O‘zbekistonda "Qizil kitob"ning yangi nashrini chop etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda “Chinor ENK” ekologik noshirlik kompaniyasi bosh muharriri Nodira ABDULLAYeVA bergan ma'lumotlarga asoslanib, “SABO” gazetasi xabar bermoqda.

O‘zbekiston "Qizil kitob"i 1979 yildan chiqa boshlagan. Dastlab unga nabotot olamining kamyob, yo‘qolib ketish xavfi mavjud turlari haqidagi ma'lumotlar kiritilgan. “Qizil kitob” ning keyingi, 1984 yildagi nashriga esa O‘zbekiston florasining yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan 163 turi, fauna olamining esa 63 turi kiritilgan edi.

Tabiatni muhofaza qilish va ekologiyaga oid adabiyotlarni nashr etish maqsadida 1996 yilda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi muassisligida “Chinor ENK” ekologik noshirlik kompaniyasi tashkil etildi. Mamlakatimiz “Qizil kitob”i shundan buyon mazkur kompaniya tomonidan tayyorlanib, nashr etiladi.

“Qizil kitob” davriy nashr sanaladi. Ma'lum muddat ichida kitobga kiritilgan turlarning ayrimlari tiklanishi, ayrimlari esa turli omillar ta'sirida kamayishi mumkin. Shuning uchun ham kitobning har galgi nashrida ba'zi turlarning maqomi o‘zgaradi. Oxirgi nashri 2009 yilda chop etilgan. Yangi kitobni tayyorlash borasida Fanlar akademiyasining O‘simlik va hayvonot olami genofondi instituti, tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi Davlat biologik nazorati inspeksiyasi va “Chinor ENK” ekologik noshirlik kompaniyasi hamkorlikda ish olib borishmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish