19:21 / 04.06.2015
2076

Rafael Benites “Real” uchun eng munosib murabbiy ekani aytildi

Jurnalistlardan biri 3 iyun kuni "Real" jamoasining yangi bosh murabbiyi sifatida tanishtirilgan Rafael Benitesning bu jamoa uchun eng ma'qul variant bo‘lgani haqida tahliliy maqola yozdi.

"Agar Rafael Benites mahsulot bo‘lganda unda u “Yandeks.Market”da ommaviylik bo‘yicha saralashda ro‘yxatning oxiridan joy olgan bo‘lardi. Anchelottini Rafaga almashtirish xuddi “Bentli”ni “Reno Logan” almashtirish bilan barobardir. Hattoki Aleks Fergyuson ham o‘z xotiralarida Benitesning futboli zerikarli ekanligini ta'kidlagan.

Bir qarashda, Benitesning “Real”ga tayinlanishi dahshat, barbodlik, ilojsizlikdek tuyuladi. Boshqa tomondan, Florentino Peresning uncha ravshan bo‘lmagan, biroq juda dono qaroridek ko‘rinadi.

“Real” prezidenti uchun murabbiylarni tez-tez almashtirib turish odat bo‘lib qolgan: har bir murabbiyning aniq vazifasi bor. Joze Mourino jamoaning eng yuqori darajaga qaytishini kafolatladi, Anchelotti jamoadagi muhitni sog‘lomlashtirdi va futbolchilarga erkin harakatlanishga yo‘l berdi. Benites esa Madrid klubini mavsumda 60ta gol uradigan futbolchiga bog‘liq bo‘lmaydigan jamoaga aylantirishi kerak.

Ispaniyada Ronaldu dunyo yulduziga aylandi, biroq u “Real” uchun Messi “Barsa”ga bo‘lganidek ramz emas, shunchaki bir aktivdir. Yangilik va mish-mishlardan shuni anglash mumkinki, portulagiyalik superyulduzning klubga ta'siri Peresni juda asabiylashtiradi: Karloning bo‘shatilishining sabablaridan biri sifatida Krishtianu va Ramosning futbolchilar kiyinish xonasida o‘rnatgan hokimiyati bo‘lgan.

Ronalduning boshqa ayblari ham talaygina: Anchelottining iste'foga chiqarilishidan ochiqchasiga norozi bo‘lishi, prezident huzuriga kirishni so‘rab xiralik qilishi, “Valensiya” bilan muhim o‘yinda penaltini aniq amalga oshira olmasligi va h.k. Oxirgi oylardagi o‘yinlar Ronalduning ishi yurishmasa, jamoa shunchaki oddiy bir jamoaga aylanib qolishini ko‘rsatdi.

Benitesning missiyasi ikki bosqichdan iborat bo‘ladi. Birinchidan, Rafa hujum vektorini yoki Beyl tomonga, yoki Xames tomonga surib, jamoa o‘yinini uyg‘unlashtirishi kerak bo‘ladi. Ikkinchidan, Ronalduni shunchaki olib zaxiraga o‘tkazib bo‘lmaydi: 2016 yilda u 31 yoshga to‘ladi, uning transfer bahosi ko‘tarilmaydi, shuning uchun Krishtianuni undan ko‘proq naf tegadigan va uning o‘rnini kimdir bosa oladigan joyga qo‘yish kerak.

“Rafa Ronaldudan yaxshi himoyachi shakllantiradi”, deb yozgan edi Rayan Babel. KriRoni himoyada ko‘proq ishlashga majbur qilib, Benites uning achchig‘ini keltiradi va ish oxir-oqibat KriRo o‘zining transferga qo‘yilishini so‘rashi bilan tugaydi. Qolgani esa Di Mariya uchun 75 mln yevro undira olgan Peresning mahoratiga bog‘liq bo‘ladi.

Musobaqalarda g‘alabalarga erishish hal qilsa bo‘ladigan vazifa: Rafa uchun yangi klub bilan birinchi unvonni qo‘lga kiritish uchun o‘rtacha 9 oydan ko‘p bo‘lmagan vaqt talab etiladi. “Valensiya” bilan chempionlik unvoni, “Liverpul” bilan Chempionlar Ligasidagi g‘alaba, “Napoli” bilan Italiya kubogi unvoni – bular uchun bir mavsum talab etilgan. “Inter” bilan klublar o‘rtasida jahon chempionati va “Chelsi” bilan Yevropa ligasidagi g‘alabaga esa hattoki yarim yil ham yetarli bo‘lgan.

Albatta, endi ba'zida “Bernabeu” jamoaning o‘yinidan ko‘ngli behuzur bo‘ladi: “Deportivo”ni yirik hisobda yakson qilishlar tugaydi, endi g‘alabalarga erishish uchun ter to‘kishga to‘g‘ri keladi. Biroq “Real” har bir unvon uchun kurashadigan, tribunalarning hushtakbozligidan cho‘chimaydigan va Primerodan hayiqmaydigan odamni qo‘lga kiritadi.

Istalgan aqli raso futbol fanati o‘z klubining bosh murabbiyi sifatida Yurgen Kloppni ko‘rishni istaydi, biroq Peres Benitesni tanladi, ammo hozir bu qaror o‘zini oqlaydi, chunki asosiy jonli ijrochini yaxshisi jamoani “fonogramma” ostida sifatli ishtirok etishga o‘rgata oladigan odam bilan sotgan ma'qulroqdir", deb yozadi jurnalist.

Top