16:48 / 04.06.2015
2216

Sony Mobile kompaniyasi mingta ishchi o‘rnini qisqartirdi

Sony kompaniyasi muammoli mobil biznesini qayta shakllantirishni davom ettirmoqda. Bu gal kompaniya ishchi o‘rinlarini qisqartirishga qaror qildi.

TechCrunch texnoportalining xabar berishicha, Sony Mobile ning Shvetsiyadagi filialida 575 nafar doimiy asosda va 400 nafar ishbay asosda ishlaydigan xodimlar bo‘shatib yuborilgan. Natijada mahalliy ofisdagi xodimlar soni deyarli ikki barobar kamayib ketdi. Sony Mobile kompaniyasining Shvetsiyadagi filiali dasturiy ta'minot ishlab chiqarish va Yevropadagi mijozlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Yapon giganti ushbu filialda ish o‘rinlari qisqartirilganini tasdiqladi hamda bu 2015 yil fevralda e'lon qilingan xodimlar tarkibini qayta shakllantirish siyosatining bir qismi ekanligini qo‘shimcha qilib o‘tdi. O‘shanda Sony Mobile o‘zining butun dunyo bo‘ylab joylashgan filiallaridan 5 minggacha odam bo‘shatilishini ma'lum qilgandi.

Ma'lumot uchun, 31 mart kuni yopilgan 2014-2015 moliyaviy yil natijalariga ko‘ra Sony oxirgi 7 yil ichida 6 marta 1 mlrd dollardan ko‘proq sof ziyon ko‘rdi. O‘tgan yili kompaniyaning zararlari 1,8 mlrd dollarni tashkil qilgan edi, bu yili esa ko‘riladigan zarar 315 mln dollarga baholanmoqda.

Top