13:08 / 04.06.2015
2152

Xitoyda cho‘kib ketgan “Sharq yulduzi” kemasi yonida qutqaruvchilar to‘r qo‘yishmoqda

Xitoyning Yantszi daryosida cho‘kib ketgan “Sharq yulduzi” nomli kruiz kemasi yonida qutqaruvchilar falokatning ehtimoliy qurbonlari oqib ketmasligi uchun to‘r qo‘yishmoqda

China Daily gazetasining ma'lumotlariga ko‘ra, qutqaruvchilar kema tubida hali tirik odamlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarda umumiy hisobda uchta teshik ochishmoqchi. So‘ngra g‘avvoslar kema ichiga kirib, yo‘lovchilarni qidirishda davom etishadi. Yo‘lovchilarni qutqarish operatsiyasida 200 nafardan ortiq g‘avvos ishtirok etmoqda.

Ma'lumot uchun, falokat Xubey viloyatida 1 iyun kuni sodir bo‘lgan. Xitoy transport vazirligi bergan ma'lumotlarga ko‘ra, kema bortida 456 kishi, jumladan 405 nafar yo‘lovchi, 46 nafar kema ekipaji a'zosi va 5 nafar turagentlik xodimlari bo‘lgan. Kema kapitani va bosh muhandisning aytishicha, kema falokatdan oldin bo‘ronga tushib qolgan. Tirik qolgan yo‘lovchilarning aytishicha, kema 30-60 soniya ichida suvga g‘arq bo‘lgan. Ko‘pchilik halok bo‘lganlar qutqaruv moslamalaridan foydalanishga ham ulgura olmay qolgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 65 kishi halok bo‘lgani va 14 kishi qutqarilgani tasdiqlargan.

Top