06:06 / 05.06.2015
2235

AQSh Federal sud markazi direktori Toshkent davlat yuridik universitetiga tashrif buyurdi

AQSh Federal sud markazi direktori Jyeremi Fogel boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi a'zolari O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkent davlat yuridik universitetiga tashrif buyurdi.

Uchrashuv paytida mehmonlarga mamlakatimizdagi ta'lim tizimi, sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, zamonaviy talablarga javob beruvchi yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha bosqichma-bosqich faoliyat yuritish haqida batafsil ma'lumotlar berildi.

Bugungi kunda universitetning axborot-resurs markazida 240 mingga yaqin adabiyotlar, ulardan 16 mingtasi elektron ko‘rinishda saqlanmoqda.

AQSh Federal sud markazi direktorining O‘zbekistonga tashrifidan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad sud xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston sud hokimiyati vakillari bilan konstruktiv suhbat o‘rnatish, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati, ahamiyati va xususiyatlari bilan batafsil tanishishdan iborat bo‘ldi.

Mehmonlar O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov rahnamoligi ostida sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, huquqiy sohani erkinlashtirishni ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga yuqori baho berishdi.

Uchrashuv ishtirokchilari muhokama qilingan masalalar bo‘yicha fikr almashdilar. Xorijiy mehmonlarda universitet talabalarining xalqaro tanlovlarda ishtiroki, ular tomonidan erishilayotgan yutuqlar va universitetda yoshlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar va imkoniyatlar katta qiziqish uyg‘otdi.

Top