Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT rahbari Ostonada bo‘ladigan diniy yetakchilar assambleyasiga keladi
BMT bosh kotib Pan Gi Mun Qozog‘iston poytaxtida 10 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan Beshinchi umumjahon va an'anaviy diniy yetakchilar assambleyasiga tashrif buyuradi. Bu haqda uning rasmiy vakili Stefan Dyujarrik bayonot berdi.
Bundan tashqari, Pan Gi Mun safar chog‘ida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, bosh vazir Karim Masimov, TIV rahbari Yerlan Idrisov va senat spikeri Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
Pan Gi Mun Qozog‘istonga O‘rta Osiyo turnesi doirasida tashrif buyuradi. 9 iyun kuni u Tojikistonda bo‘lib, bir qator tadbirlarda ishtirok etadi va oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazadi. Jumladan, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazadi va Sarez ko‘liga safar uyushtiradi. 11 iyun kuni BMT rahbari Bishkekda bo‘lib o‘tadigan Qirg‘izistonda parlamentarizmni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida ishtirok etadi, keyin esa mamlakat rahbari Almazbek Atambayev bilan muzokaralar olib boradi. 12 iyunda esa u O‘zbekistonga tashrif buyurib, prezident Islom Karimov va tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashadi.
Nihoyat, Pan Gi Mun Turkmanistonga o‘tib, mamlakat prezidenti bilan suhbat qiladi, shuningdek, Xalqaro gumanitar fanlar universiteti talabalari bilan uchrashuv o‘tkazadi.