Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jon Lennonning 50 yil oldin yo‘qolgan gitarasi rekord darajadagi narxga sotilishi mumkin
“Bitlz” guruhining solisti Jon Lennonning Gibson nomli gitarasi Beverli-Xillzdagi auksion paytida sotiladigan bo‘ldi. Bu gitara avval Bob Dilanning elektrogitarasi uchun berilgan rekord darajadagi 965 ming dollar narxni ortda qoldirishi ehtimoli mavjud, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.
Lennon ushbu J-160E Gibson akustik gitarasini Liverpulda sotib olgan edi. Bu gitara 1963 yilda Londonning Finsberi bog‘ida Beatles bergan Yangi yil shousi paytida yo‘qolib qolgan edi va 50 yil o‘tibgina topildi.
Gitara AQShda Jon Makkau ismli shaxs tomonidan eski buyumlar do‘konidan sotib olingan. Uning haqiqiyligi ishlab chiqarish seriya raqamini solishtirish, yog‘ochi va undagi tirnalishlar bo‘yicha tasdiqlandi. Hozir uning dastlabki narxi 600-900 ming dollarga baholanmoqda.
Auktsion 2015 yil 6 noyabrida bo‘lib o‘tadi. Auktsion tashkilotchisi Julien's auksion uyi egasi Darren Juliyen Lennonning gitarasini “musiqa tarixidagi eng yirik topilmalardan biri” deb atadi. Uning aytishicha, Beatles ijrochisi bilan bog‘liq buyumlar auksionlarga uncha ham ko‘p qo‘yilmaydi, chunki ularning egalari bu buyumlarni o‘zlarida saqlab qolishni istaydilar. Lennoning o‘zi bu gitarasini eng yaxshi ko‘rgan gitaralaridan biri ekanligini va uni yo‘qotib qo‘yganidan afsusdaligini aytib yurgan.