Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Milliy kutubxonada Aleksandr Sergeyevich Pushkin tavalludiga bag‘ishlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi
2015 yilning 3 iyun kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasining «Tafakkur» o‘qish zalida zamonaviy rus tili asoschisi, buyuk rus shoiri, dramaturg va nosir Aleksandr Sergeyevich Pushkin tavalludiga bag‘ishlangan “Qalbning ajib shiddati” deb nomlangan kitob-rasmli ko‘rgazma ochildi.
Ko‘rgazmada shoirning bolalik, o‘smirlik va yoshlik davridan, o‘qish va surgunlik yillaridan, uning o‘limi tarixi va avlodlari haqida hiqoya qiluvchi kitoblar namoyish etilgan.
Shuningdek, mazkur ko‘rgazmada foydalanuvchilar e'tiboriga Pushkinning tanlangan asarlari, poemalari, hikoyalari, balladalari, xatlari, izohlari, dono hikmatlari, aforizmlari hamda uning o‘z matnlariga chizgan «Pushkin qo‘li bilan» rasmlari jamlanmasi havola etilgan. Pushkinning jahon adabiyoti va madaniyatiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir. Uning 16 banddan iborat to‘liq asarlar to‘plami hozirgi kunda eng tugal majmuasi hisoblanadi.
Kutubxona foydalanuvchilari ko‘rgazmada mazkur 16 bandli majmua va Pushkinning «Yevgeniy Onegin», «Pikovaya dama», «Boris Godunov», «Kapitan qizi» asarlari bilan tanishadi.
Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan foydalanuvchilar O‘zbekiston Milliy kutubxonasi kitob fondida mavjud Pushkinning hayoti va ijodiga daxldor adabiyotlar bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi.