O‘zbekiston | 11:44 / 05.06.2015
3708
2 daqiqa o‘qiladi

Pan Gi Mun 12 iyun kuni O‘zbekistonga tashrif buyuradi

6-13 iyun kunlari davomida BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Germaniyaga va undan so‘ng Markaziy Osiyo davlatlariga safar qiladi. U Tojikiston, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistonga tashrif buyurishni rejalashtirgan. Bu haqda BMT matbuot xizmati xabar bermoqda.

Pan Gi Mun 6 iyun kuni Germaniyada bo‘lib, Angela Merkel va Frank-Valter Shtaynmayyer bilan uchrashadi. 8 iyunda Elmauga tashrif buyurib, u yerda terrorizmga qarshi kurash masalasini muhokama etadi. 9 iyun kuni Bosh kotib Tojikistonga tashrif buyurib, “Suv hayot uchun” xalqaro konferensiyasida ishtirok etadi. U bu yerda mamlakat prezidenti Emomali Raxmon bilan uchrashadi va Sarez ko‘lini ko‘radi.

10 iyunda Pan Gi Mun Qozog‘istonda bo‘ladi va u yerda dunyoda har yili an'anaviy o‘tkaziladigan dinlar bo‘yicha davlat rahbarlari ishtirokidagi anjumanda qatnashadi. Bosh kotib Nursulton Nazarboyev va bosh vazir Karim Masimov hamda tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisov bilan uchrashadi.

11 iyunda Pan Gi Mun Qirg‘izistonga safar qiladi va parlamentarizm bo‘yicha anjumanda ishtirok etadi. Shuningdek, Bosh kotib prezident Almazbek Atambayev, bosh vazir Temir Sariyev va parlament raisi Asilbek Jeenbekov bilan uchrashadi. Shu bilan birga Pan Gi Mun O‘shga tashrif buyurib, u yerda jamoatchilik bilan uchrashadi.

O‘zbekistonga Pan Gi Mun 12 iyunda keladi. Safar dasturiga ko‘ra, Bosh kotib prezident Islom Karimov va tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashadi.  

BMT rahbarining so‘nggi tashrifi Turkmanistonga bo‘ladi va mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuxammedov va boshqa rasmiy vakillar bilan uchrashishi kutilmoqda.

 
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish