Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda “Bolajonlar – shirintoylar” bolalar moda festivali bo‘lib o‘tdi
4 iyun kuni Toshkentda “Bolajonlar – shirintoylar” bolalar moda festivali bo‘lib o‘tdi. Bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan, zamonaviy tendensiya va milliy an'analarimizni o‘zida mujassam etgan rang-barang va bejirim liboslar kolleksiyasi keng omma e'tiboriga havola etildi.
Festival “Osiyo ramzi” O‘zbekiston dizaynerlar va modelerlar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari tomonidan “Oltin Qanot” nodavlat ta'lim muassasasi va “Jasmin art style” mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Joriy yilda “Bolajonlar – shirintoylar” bolalar moda festivali dizaynerlarning uch bosqichli tanlovi shaklida tashkil etildi. Unda professional dizaynerlar bilan birga, oliy o‘quv yurtlari talabalari, kollej o‘quvchilari, shuningdek, alohida faoliyat yuritayotgan dizaynerlar qatnashdi.
Tanlovning birinchi bosqichida har bir ishtirokchi o‘z kolleksiyasi namunalarini namoyish qildi. Eng yaxshi namunalar mualliflari ikkinchi bosqichga yo‘l olib, o‘z liboslarini taqdim etdi. Uchinchi, final bosqichida 27 dizayner tomonidan tayyorlangan 22 kolleksiya namoyish etildi.
Liboslar namoyishi Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tdi. “Tantana” va “Tomosha” bolalar ijodiy studiyalarining yosh modellari, shuningdek, “Kolibri” art-byurosi moda maktabi tarbiyalanuvchilari turfa rangdagi bejirim va nafis liboslarni namoyish qildi.
Hakamlar hay'ati ijodiy ishlarni “rret-a-porter”, milliy va sport uslubi, bayram libosi, bo‘lg‘usi onalar uchun libos nominatsiyalari bo‘yicha baholadi.
Tadbir yakunida festival laureatlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Dizayner Dilorom Valiyeva “rret-a-porter”, Nilufar Abduvaliyeva va Sitora Mirzaanvarova milliy va sport uslubi, Umida Mo‘minova bayram libosi, Shahzoda Tolipova bo‘lg‘usi onalar uchun libos nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.